Jahon | 21:25 / 16.04.2020
12356
2 daqiqa o‘qiladi

Putin 9 may kungi G‘alaba paradi qoldirilganini e'lon qildi

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, barcha tadbirlar, jumladan G‘alaba paradi va "O‘lmas polk" yurishi 2020 yilda, keyinroq o‘tkaziladi.

Foto: RIA Novosti

Qizil maydonda o‘tkaziladigan 9 may kungi G‘alaba paradi koronavirus sababli boshqa muddatga qoldirildi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin xavfsizlik kengashi a'zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma'lum qildi.

"Avjiga chiqmagan epidemiya bilan bog‘liq xatar yuqori. Va bu menga parad va boshqa ommaviy tadbirlarga tayyorgarlikni boshlash huquqini bermaydi. Shu sababli mudofaa vaziri, kuch ishlatish tuzilmalari, barcha darajadagi hokimiyat organlari rahbarlariga jadvalga o‘zgartirish kiritish va Qizil maydondagi, regionlardagi paradlarga tayyorgarlikni ko‘chirish to‘g‘risida topshiriq beraman. G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha ommaviy tadbirlar ortga surilsin", dedi u.

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, barcha tadbirlar, jumladan G‘alaba paradi va "O‘lmas polk" yurishi 2020 yilda, keyinroq o‘tkaziladi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyada koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 28 mingta holat qayd etilgan, 232 kishi vafot etgan.

Mamlakatda karantin choralari joriy qilingan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid