Jamiyat | 22:47 / 19.04.2020
36121
2 daqiqa o‘qiladi

Ohangaronda ichki ishlar xodimi kiyimidagi soxta podpolkovnik qo‘lga tushdi

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi vaqtinchalik karantin postida YPX inspektori Cobalt rusumli avtomobilni to‘xtatib hujjatlar taqdim etishni so‘raganda, ishlar xodimlarining “dala” kiyimida bo‘lgan haydovchi podpolkovnik unvoni borligini aytib, xodimlarni aldashga uringan. Ayni paytda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabar berishicha, podpolkovnik unvoni borligini aytgan haydovchi avval IIV tizimida ishlaganini aytib YPX xodimlarini aldashga uringan. Fuqaro ichki ishlar bo‘limiga olib borilganida, uning qo‘riqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi MChJda faoliyat yuritishi ma'lum bo‘lgan.

Tekshiruv paytida Cobalt’dan IIV xodimlarining kakardasi taqilgan dala bosh kiyimi va dala kiyimi, PR-73 rusumli rezina tayoq va uning g‘ilofi, qo‘lbola usulda yasalgan nyuchaki urish moslamalari topilgan. Ular ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Ichki ishlar organida o‘tkazilgan suhbat davomida Bo‘ka tumanida tug‘ilgan, ayni paytda Olmaliq shahrida yashovchi 45 yashar haydovchi o‘zini ichki ishlar xodimi sifatida tanishtirganidan tongan, YPX xodimlariga ko‘rsatgan guvohnomasida «podpolkovnik» unvoni yozilganligidan bexabar bo‘lganini aytgan. Do‘sti tikib bergan qo‘riqlash xizmati formasini esa yaqin kunlarda boshqacharoq shaklda qayta tiktirishini bildirgan.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Ohangaron shahar ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid