Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eksport faoliyati yanada qo‘llab-quvvatlanadi – Prezident qarori loyihasi
Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari qabul qilinadi
Prezidentning “Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida “O‘zbekiston Respublikasi eksport-kredit agentligi” aksiyadorlik jamiyati tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.
Quyidagilar Eksport-kredit agentligining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:
mahalliy tadbirkorlik sub'yektlariga eksportoldi moliyalashtirish maqsadlari uchun kreditlar ajratish;
mahalliy tadbirkorlik sub'yektlari uchun eksportoldi moliyalashtirish kreditlari bo‘yicha kafolat va kafilliklar berish;
mahalliy tadbirkorlik sub'yektlariga eksport shartnomalari bo‘yicha faktoring xizmatlari ko‘rsatish;
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotib oluvchi xorijiy xaridorlarga eksport shartnomalari ijrosi, shu jumladan bo‘nak to‘lovlari bo‘yicha kafolat va kafilliklar berish;
xalqaro tajribadan kelib chiqib, savdoni moliyalashtirish instrumentlaridan keng foydalangan holda eksport qiluvchi mahalliy tadbirkorlik sub'yektlariga boshqa turdagi bank-moliya xizmatlarini ko‘rsatish;
eksport qiluvchilarga, qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa xizmatlarni ko‘rsatish.
Bunda, Eksport-kredit agentligiga ushbu bandda belgilangan asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha xizmatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki tijorat banklari orqali ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Eksport-kredit agentligi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatiladigan xizmatlarning moliyaviy manbalari etib quyidagilar belgilanadi:
O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Eksport-kredit agentligi nizom jamg‘armasini shakllantirish uchun ajratiladigan 100 million AQSh dollari, bunda mazkur mablag‘larning 50 foizi bir oy muddatda Eksport-kredit agentligiga o‘tkazib beriladi;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari, boshqa donor tashkilotlar hamda xorijiy banklar va xususiy moliya kompaniyalaridan, shu jumladan davlat kafolati ostida, jalb etiladigan kreditlar (qarzlar);
qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi zimmasiga eksport qiluvchi korxonalarga mahalliy tijorat banklarining eksportoldi moliyalashtirish kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga va garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanilganda sug‘urta summasini qoplashga kompensatsiyalar taqdim etish hamda kafilliklar berish vazifalari yuklatiladi.
Yuklatilayotgan vazifalarni bajarish maqsadida Eksportni rag‘batlantirish agentligi qoshida, yuridik shaxs tuzmagan holda, tijorat banklarida hisob raqamlar ochish orqali quyidagi manbalar hisobidan shakllanadigan Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi:
Prezidentning 2019 yil 24 maydagi “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4337-son qarori bilan Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun 2019-2020 yillarda Davlat budjetidan ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan 25 milliard so‘m;
O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga boshlang‘ich badal sifatida berilgan mablag‘larni kamaytirish hisobidan 20 million AQSh dollari. Ushbu mablag‘ Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan bir oy muddatda Jamg‘armaga o‘tkazib berilishi ta'minlanadi;
2021 yildan boshlab, Davlat budjetiga import bojlaridan kelib tushadigan mablag‘larning 5 foizi, har oy boshida avvalgi oydagi tushumlar hisobidan to‘liq ajratib berilishi sharti bilan;
Jamg‘armada vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar.
Bunda, Jamg‘armada vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlarning bir qismini Eksportni rag‘batlantirish agentligining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish, yuqori malakali, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni shartnomalar asosida jalb qilish (mehnatga haq to‘lash, transport xarajatlari va boshqalar), xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlar, shu jumladan chet elda o‘tkaziladigan tadbirlar, shuningdek, ularning faoliyatini rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish xarajatlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltirilishiga ruxsat beriladi.
Qaror va avval qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar bilan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar va kompensatsiyalar ajratish bo‘yicha Eksportni rag‘batlantirish agentligiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini samarali tashkil etish maqsadida uning tuzilmasiga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan 17 ta, shu jumladan viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan shtat birligi qo‘shimcha ajratiladi.
Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimining faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha Muvofiqlashtirish kengashining tarkibi tasdiqlanadi va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
Eksport-kredit agentligi, Eksportni rag‘batlantirish agentligi, “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zagroeksportbank” aksiyadorlik tijorat banki va boshqa aloqador tashkilotlarning faoliyatlarini boshqarish;
Eksport-kredit agentligining tarkibiy tuzilmasini, faoliyati va xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarini, xarajatlar va daromadlar smetasini, ish rejalarini, rivojlanish strategiyalarini tasdiqlash va o‘zgartirishlar kiritish;
Eksport-kredit agentligi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatiladigan xizmatlarning shartlari va tariflarini belgilash;
Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan Jamg‘arma hisobidan tadbirkorlik sub'yektlariga davlat moliyaviy qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etish shartlari va miqdorlarini belgilash;
Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimi faoliyatini samarali tashkil etish va rivojlantirish maqsadida qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa zarur choralarni ko‘rish.
Belgilab qo‘yilishicha:
a) Eksport-kredit agentligi nizom jamg‘armasidagi davlat aksiyalari (ulushlari) paketi, shu jumladan O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha aksiyadorlik huquqi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tegishli;
b) Eksport-kredit agentligining bosh direktori va Eksportni rag‘batlantirish agentligining direktori – Vazirlar Mahkamasi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining taqdimnomasiga asosan lavozimiga tayinlanadi va undan ozod qilinadi;
Eksport-kredit agentligining bosh direktor o‘rinbosarlari – Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining buyrug‘iga asosan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
v) Eksportni rag‘batlantirish agentligining direktori Jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etuvchi hisoblanadi;
g) Eksport-kredit agentligi va Eksportni rag‘batlantirish agentligining hududlardagi xodimlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududlardagi boshqarmalarida joylashtiriladi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining eksport qiluvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalari 2020 yil 1 iyundan boshlab Eksportni rag‘batlantirish agentligiga o‘tkazish orqali bekor qilinadi.
Bunda, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining tijorat banklari oldida shakllangan majburiyatlari va uni bajarish mazkur jamg‘armaning o‘zida saqlab qolinadi.
Prezidentning 2019 yil 24 maydagi “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4337-son qarori bilan temir yo‘l transporti xarajatlarini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish bo‘yicha belgilangan mexanizm 2020 yilning 1 mayidan boshlab, mahsulotlarni havo transporti va avtotransportda eksportga tashish xarajatlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Muvofiqlashtirish kengashi mahsulotlarni temir yo‘l, havo transporti va avtotransportda eksportga tashish xarajatlarini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish tartibini tasdiqlaydi.
Moliya vazirligi ushbu qarorning ijrosini ta'minlash yuzasidan:
Eksportni rag‘batlantirish agentligining xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblar bo‘yicha 2020 yil uchun davlat budjetidan zarur mablag‘lar ajratadi va 2021 yildan boshlab budjet mablag‘larini ko‘zda tutadi;
Davlat budjetidan Jamg‘armaga yo‘naltirilishi nazarda tutilgan ko‘rsatilgan mablag‘larni bir oy muddatda, qolgan mablag‘larni ko‘rsatilgan muddatlarda o‘tkazib borilishini ta'minlaydi;
Eksport-kredit agentligiga o‘z vazifalarini bajarish maqsadida jalb qilinadigan kreditlar (qarzlar) bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda davlat kafolatlarini taqdim etib boradi.
O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda Markaziy bank bilan birgalikda O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 2020 yildagi daromadlar va xarajatlar prognoziga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni o‘rnatilgan tartibda kiritadi.
O‘zbekiston bojxona chegarasidan eksport operatsiyalari bo‘yicha olib o‘tilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan joriy qilingan barcha turdagi majburiy to‘lovlar va ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorligi mavjudligini tekshirish amaliyoti 2020 yilning 1 aprelidan boshlab bekor qilinadi.
Mavzuga oid
08:29 / 01.06.2026
O‘zbekiston Suriyaga mahsulot eksport qilishni boshlamoqchi
18:07 / 30.05.2026
O‘zbekistondan Suriyaga mahsulotlar eksporti boshlanadi
20:49 / 29.05.2026
Rossiya O‘zbekistonning 10 ta korxonasiga sabzavot va mevalarni olib kirishni taqiqladi
16:36 / 29.05.2026