O‘zbekiston | 08:53 / 21.04.2020
4008
4 daqiqa o‘qiladi

Irrigatsiya va suv muammolari institutining filiallari tashkil qilinadi

Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining filiallari va bo‘limlari tashkil qilinadi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining filiallari va bo‘limlarini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tizimida:

a) yuridik shaxs maqomiga ega:

Xorazm bo‘limi negizida Xorazm filiali;

Qashqadaryo bo‘limi negizida Qashqadaryo filiali tashkil qilinadi.

b) yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, tarkibiy tuzilmalari uch shtat birlikdan iborat:

Andijon bo‘limi, Buxoro bo‘limi, Jizzax bo‘limi, Navoiy bo‘limi, Namangan bo‘limi, Samarqand bo‘limi, Surxondaryo bo‘limi, Sirdaryo bo‘limi va Farg‘ona bo‘limi tashkil qilinadi.

Quyidagilar Filiallar va bo‘limlarning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

Viloyatlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos innovatsion va resurstejamkor texnologiyalarni takomillashtirish maqsadida suv xo‘jaligi ilm-fan sohasida mamlakatning ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan eng samarali ilmiy-tadqiqot ishlanmalari natijalarini amaliyotga keng joriy qilish ko‘lamini kengaytirish;

Suv resurslardan samarali foydalanishni ta'minlovchi resurstejamkor, smart, raqamli va innovatsion texnologiyalarga asoslangan suv xo‘jaligini rivojlantirishning ilmiy-amaliy natijalarini mintaqalar sharoitiga keng joriy etish;

Suv resurslarini hisobga olish, ularni oqilona boshqarish va suvdan samarali foydalanish, mavjud suv xo‘jaligi inshootlarini ishonchli ishlatish va xavfsizligini ta'minlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirish, suv xo‘jaligida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy qilish.

Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining Xorazm va Qashqadaryo filiallari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan viloyat hokimliklari bilan kelishgan holda lavozimiga tayinlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2021 yildan boshlab Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, uning filiallari va bo‘limlarining bino va inshootlarini saqlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashtirish shartlariga o‘tkazadi.

Quyidagilar, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti filiallarining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

belgilangan tartibda jalb etilgan budjetdan tashqari mablag‘lar;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda filiallarning ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish hamda zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va zamonaviy laboratoriya jihozlarini sotib olish va o‘rnatish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda suv xo‘jaligining ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda Davlat va maqsadli ilmiy dasturlari (fundamental, amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion faoliyatning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha) hamda ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlarni shakllantiradi va moliyalashtirish choralarini ko‘radi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid