Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda yangi orden ta'sis etiladi
“Faxriy murabbiy” ordenini ta'sis etish mo‘ljallanmoqda
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Faxriy murabbiy” ordenini ta'sis etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.
Hujjat bilan “Faxriy murabbiy” ordenini ta'sis etish rejalashtirilgan. “Faxriy murabbiy” ordeni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
Nizomga ko‘ra, “Faxriy murabbiy” ordeni bilan yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yosh iste'dod egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va qobiliyatlarini yanada rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo‘shgan, o‘zining chuqur bilim va boy tajribasi bilan yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish borasida shaxsiy namuna ko‘rsatib kelayotgan davlat va jamiyat oldidagi yuksak xizmatlari bilan alohida e'tibor qozongan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadi.
“Faxriy murabbiy” ordeni bilan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
“Faxriy murabbiy” ordeni bilan:
yoshlarni milliy qadriyat va an'analarga, katta avlod vakillariga hurmat, ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda ularda ilm-ma'rifat, ma'naviyat va odob-axloq ko‘nikmalarini shakllantirish borasidagi ulkan xizmatlari;
faoliyati davomida chuqur bilim, yuqori malaka hamda keng tafakkurga ega shogirdlarni tarbiyalash orqali yurtimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy qudratini yuksaltirishga bevosita hissa qo‘shganligi;
ilm-fan sohasida yosh olimlar va mutaxassislarni tayyorlash, ularning katta muvaffaqiyatlarga erishishi uchun zarur sharoitlarni yaratish ishlaridagi alohida xizmatlari;
“Ustoz-shogird” an'anasi asosida yosh avlodga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni o‘rgatish, tadbirkorlik va hunarmandchilikka keng jalb etish, yoshlar bandligini ta'minlash borasidagi fidoyiligi;
o‘zbek sportini dunyoga tanitish, sohada umidli va iqtidorli yoshlarni tarbiyalash, mahallalarda va oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ommaviy sportni rivojlantirish borasida erishgan yuksak natijalari;
yoshlar ongiga milliy g‘urur, vatanparvarlik, mehnatsevarlik kabi yuksak fazilatlarni singdirish, ularni ilm-ma'rifatga yo‘naltirishdagi xizmatlari;
uyushmagan yoshlarni foydali mehnatga jalb etish, yot g‘oyalar ta'siridan asrash, ular o‘rtasida turli salbiy illatlarning oldini olish borasidagi katta xizmatlari;
yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan yoshlarni o‘z otalig‘iga olib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning qalbi va ongida ona vatanga sadoqat, mardlik, halollik, adolatlilik kabi ezgu fazilatlarni shakllantirish, komil inson etib tarbiyalash ishlaridagi samarali xizmatlari;
hududlarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilalarni mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, shuningdek, aholining kam ta'minlangan qatlamini ijtimoiy himoyalash jarayonidagi faol ishtiroki;
mahallalarda va oilalarda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat”, “Oila – muqaddas” degan ezgu g‘oyalarni ijtimoiy hayotga tatbiq etish ishlarida ko‘rsatgan jonbozligi va ibratli faoliyati uchun mukofotlanadi.
“Faxriy murabbiy” ordeni bilan mukofotlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Orden bilan mukofotlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.
“Faxriy murabbiy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovg‘alarini oladilar, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.
Mavzuga oid
07:00 / 15.06.2026
Dik Advokat jahon chempionatlari tarixidagi eng yoshi ulug‘ murabbiyga aylandi
11:38 / 30.08.2025
Marhum Rustam Qosimov orden bilan taqdirlandi
13:08 / 05.08.2025
O‘zbekiston prezidenti Turkmaniston ordeni bilan mukofotlandi
17:10 / 13.03.2025