Jahon | 16:05 / 05.05.2020
10402
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyada juma va taroveh namozlarini masjidda o‘qishga ruxsat berildi

Koreya Respublikasida 6 maydan boshlab juma va tavoreh namozlarini masjidlarda o‘qishga ruxsat berilmoqda. Bu haqda Koreya musulmonlar federatsiyasi ma'lum qildi.

Seuldagi markaziy masjid

Janubiy Koreyada koronavirus epidemiyasi sababli fevral oyining so‘nggi haftasidan boshlab masjidlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan edi. Shuningdek, 5 mayga qadar juma va taroveh ibodatlarini masjidlarda ado etish va iftorlik marosimlari o‘tkazishga cheklov qo‘yilgandi.

Endilikda, 6 maydan boshlab, qator talablarga rioya etgan holda juma va taroveh namozlarini jamoat bo‘lib o‘qishga ruxsat berildi.

Bunda:

  • masjidga kirishda qo‘llarni antiseptik vositalari bilan tozalash,
  • tibbiy niqobda bo‘lish,
  • masjid ichida ham bir metrlik masofa saqlash,
  • masjidga kirishda belgilangan ro‘yxatga ism-familiyalarini yozishlari talab etiladi.

Bu talablarga amal qilmaganlarga masjidga kirishga ruxsat berilmaydi.

Xabarda qo‘shimcha qilishicha, bu yil Koreyada zakot miqdori bir kishi uchun 7 ming von (taxminan 6 dollarga yaqin) etib belgilangan.

Ma'lumot uchun, Janubiy Koreyada 10800 dan ortiq kishiga Covid-19 tashxisi qo‘yilgan, shundan 9300ga yaqin bemor tuzalib, 254 kishi vafot etgan.

So‘nggi ikki haftadan beri kunlik zararlanishlar soni o‘rtacha 10tadan kamroqni tashkil etmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid