O‘zbekiston | 12:17 / 05.05.2020
34346
5 daqiqa o‘qiladi

Nega o‘zbek jamiyatida lavozim egalariga nisbatan ishonchsizlik yuqori?

Kun.uz muxbiri Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan «Saxovat va ko‘mak» umummilliy harakati faoliyati borasida suhbatlashdi. Suhbat davomida o‘zbek jamiyatidagi rahbarlarga ishonchsizlik tuyg‘usi va uning sabablari borasida ham fikrlashildi.

 
Nega o‘zbek jamiyatida lavozim egalariga nisbatan ishonchsizlik yuqori?

Nega o‘zbek jamiyatida lavozim egalariga nisbatan ishonchsizlik yuqori? 👉 https://kun.uz/21136827

Posted by Kun.uz on Tuesday, May 5, 2020

«Buning sabablari bir nechta. Asosiy sabablardan biri, fuqarolar birinchi to‘siqni o‘zining muammosini yechishga, so‘zini eshitishga mas'ul bo‘lgan mahalliy rahbarlardan ko‘radi. Ular odamlarni eshitishga qiziqish bildirmaydi.Bu rahbar lavozimidagi insonni biror-bir oilaga kirib kelayotganda va aholiga murojaat qilayotgandagi muomalasidan yaqqol ko‘rinadi», – deydi ko‘p yillardan buyon rahbarlik lavozimlarida ishlab kelayotgan Elmira Bositxonova.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, ba'zi rahbarlar muomala madaniyati va hattoki salom berish va salomga alik olish odobini ham bilmaydi. 

«Misol uchun men ba'zi rahbarlar fuqarolarning bergan salomiga alik olmaganini ham ko‘rganman. Mana fuqarolarning rahbarga bo‘lgan keskin va salbiy munosabati nimadan boshlanadi», – dedi u.

Elmira Bositxonova / Foto: KUN.UZ

Fuqarolarda rahbarlarga bo‘lgan ishonchning tushishi va nafrat shakllanishida keyingi bosqich rahbarning fuqaro bildirayotgan muammoga e'tiborsizlik va hurmatsizlik bilan javob qaytarishida yuz beradi. Bositxonova ko‘p yillar davomida ildiz otib ketgan shu kabi holatlarni yo‘qotish maqsadida prezident Shavkat Mirziyoyev xalq bilan muloqot tizimini yo‘lga qo‘yganini ta'kidladi. 

«Prezident o‘z lavozimiga kirishganidan keyin xalq bilan muloqot tizimini yo‘lga qo‘ydi. Bu tizimning asosiy mag‘zi hokimlar va boshqa lavozim egalarining kabinetda emas, pastga tushib xalq bilan gaplashishi, ularni eshitib, muammolarini hal qilishi hisoblanadi. Aslida uning vazifasi shu. Biz barcha rahbarlar, vazir va vazir o‘rinbosarlarining aholi bilan biroz engashib, u bilan bir darajada yoki kerak bo‘lsa, undan ham pastroq tushib gaplashishi jarayonlarini ko‘rdik », – dedi u.

Suhbat davomida sayt muxbiri bir necha yil avval Yaponiyada energetika vaziri bilan bo‘lgan voqeani esladi. Unga ko‘ra, yapon prefekturalaridan birida yarim soat davomida elektrda uzilish kuzatiladi. Barcha texnik muammolar yechilganidan keyin energetika vaziri o‘sha hudud aholisidan uzr so‘rab yarim soat davomida bosh egib turadi.

«Bu – rahbardagi ma'naviy kuchning belgisi. Biz ana shu narsani o‘rganishni boshladik, lekin ming afsuski, prezident ta'biri bilan aytganda hali ham oyog‘i yerdan uzilgan, vallomatlar hali ko‘p», – dedi Bositxonova.

Bu muammolarning yechimi qanday bo‘ladi? Ma'naviy saviyasi yuqori rahbarlarni tayyorlash, ularni saralash bilan kim va qaysi organ bosh qotirishi kerak? Vazir o‘rinbosariga berilgan navbatdagi savol shu mazmunda bo‘ldi.

«Albatta o‘quvlar, hokimlar maktablari bor. Vazir va unga o‘rinbosar bo‘lishning ham ko‘plab mezonlari bor. Bu mezonlarni o‘rganish borasida ko‘plab o‘quv kurslari, o‘quv tuzilmalari va ba'zi joylarda boshqaruv madaniyati, jamiyat bilan ishlash texnologiyalari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari ishlaydi.Ba'zi bir rahbarlar hatto qonun ular uchun yozilmagan va faqat oddiy fuqarolargagina ishlaydi, deb hisoblashadi. Ana shu muammolarni hal qilishda butun davlat idoralari, butun jamiyat birga ishlashi kerak», – dedi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari.

Bositxonovaga ko‘ra, ayrim rahbarlarning madaniyatini uning aholi xonadoniga kirib borayotgandagi kiyinishidan ham bilsa bo‘ladi. 

«Menga umuman yoqmaydigan bir holat bor: biz joylardagi rahbarlarga biror hududdagi aholi muammosini o‘rganishni aytsak, ularning ayrimlari buni o‘sha joydagi oilalar sharoitini yozib olish va bu sharoitiga aybdor, sababchini topish, deb tushunadi.

Bu borada Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizimidagi barcha rahbarlarga ham joylardagi har bir oilaning tibbiy, iqtisodiy, ma'naviy, ijtimoiy holatiga to‘g‘ri diagnoz qo‘yish va unga yechim topish vazifasi qo‘yilgan. Biz ana shunga erisha olsak, odamlarda rahbarlar va lavozim egalariga nisbatan qarashlari o‘zgaradi», – deya suhbatga yakun yasadi Elmira Bositxonova.

Mavzuga oid