Jamiyat | 18:38 / 06.05.2020
12668
10 daqiqa o‘qiladi

Halollik – baraka omili. Rahimberdi domla Rahmonov bilan suhbat

Ramazon oyi munosabati berib borilayotgan turkum ko‘rsatuvlarning navbatdagisi «Halollik – baraka omili» mavzusida bo‘ldi. Suhbatdoshimiz – Toshkent shahar «Xo‘ja Alambardor» jome masjidi imom-xatibi Rahimberdi domla Rahmonov.

Baraka – bu unum va manfaatdir

«Halollik – baraka omili» mazmunidagi suhbatni har doim, har davrada: farzandlar davrasida, shogirdlar davrasida, yor-u do‘stlar davrasida ko‘proq gapirishimiz kerak. Chunki halollik bor joyda baraka bo‘ladi.

Baraka – bu unum degani, foyda degani. Ya'ni arzimagan rizq barakali bo‘lishi degani – o‘sha rizqning foydali va unumli bo‘lishidir. Biz uchun manfaatli bo‘lishi – barakali bo‘ldi degani. Umringga barakot bersin degani – umring unumli va manfaatli bo‘lsin, deganidir.

Baraka qachon unumli va manfaatli bo‘ladi? Qachonki, insonning qilayotgan harakati halol bo‘lsa, niyati halol bo‘lsa. Shundagina mehnat va harakatning zamirida sodir bo‘ladigan ishda baraka va fayz bo‘ladi.

Musulmon mehmonini ham halol va pokiza rizq bilan mehmon qiladi

Rahimberdi domla Rahmonov

Rasuli akram alayhissalom marhamat qiladilar: «Har bir musulmonga halolni talab qilish vojibdir».

Boshqa ishlar oddiy odamning ixtiyoridagi ish bo‘lishi mumkin. Lekin har bir inson halollikni talab qilishi – bu uning gardanidagi burchdir.

Musulmon odam hatto farzandlarini, o‘zini, keladigan mehmonni halol va pokiza rizq bilan mehmon qilishi kerak, oziqlantirishi kerak. Hattoki, shunday tavsiyalar va ko‘rsatmalar borki, mo‘min faqat mo‘minni emas, balki, g‘ayridinni ham, dinsiz bir odamni ham halol va pokiza rizq bilan mehmon qilishi kerak.

Halol rizq deb yurgan – Alloh yo‘lida yurgan hisoblanadi

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom halolni talab qilishlik hattoki jihod deganlar. Jihod-jihod, deyishadi. Haqiqiy jihod – nafsga qarshi jihod, halol mehnat bilan yurish bu. Jihod – Allohning yo‘lida yurishdir.

Payg‘ambarimiz alayhissalom bir kuni erta tongda sahobalar bilan o‘tirgandilar. Qaddi-qomati kelishgan bir yigit tez shaxdam qadamlar bilan o‘tib ketayotganda sahobalardan birlari: «Agar shu yigit Allohning yo‘lida bo‘lganida bormi, dinga qancha foydasi yetgan bo‘lar edi», – dedi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Agar shu yigitning ota-onasi, farzandlari, ro‘zg‘ori bo‘lsa, bola-chaqam, ota-onam deb ketayotgan bo‘lsa, bu Allohning yo‘lidagi yigitdir», – dedilar.

Shuning uchun fursatdan foydalanib aytmoqchimanki, bugun ota-onasining xizmatini qilib, bola-chaqasining ro‘zg‘orini qilib halol mehnat, kasb-u korga ertalabdan chiqib ketib horib-charchab oilasiga kelayotgan, shu bilan hayoti o‘tayotgan yigitlarimiz halollikning rioyasini qilsalar, mana shu yigitlarimiz, inshaalloh, Allohning yo‘lidagi yigitlardir.

Bir olmani qaytarib olib kelgan yigit haqida

Shukrki, bizning kunlarimizda ham halol yigitlarimiz juda ko‘p va mana shu yigitlarimizning hayotida yuqorida aytganimizdek barakani ko‘ryapmiz.

Bir Hoji akamiz aytadilar: «Toshkent shahridagi Qo‘yliq bozoridan bozor qildim. Keyin bir mashinani to‘xtatib uyimga keldim. Bozorligimni tushirib oldim. Kechga tomon asrdan keyin eshigim taqillab qoldi. Chiqsam, ertalab bozordan olib kelib qo‘ygan yigit. Keling o‘g‘lim, desam: «Otaxon, uzr, sizning narsangiz qolibdi», deb, bitta olmani qo‘lida ko‘tarib menga ko‘rsatyapti. U yigit uyga borib mashinasini tozalasa, o‘rindig‘i tagidan shu olma chiqibdi.

O‘ylab ko‘rib, bozorlik qilgan odam faqat men ekanligimni eslabdi. Shunga o‘sha bitta olmani ko‘tarib olib kelibdi. Olmani qo‘limga oldim. O‘g‘lim siz vazifangizni bajardingiz, halol ish qildingiz, deb qaytarib oldim-da, endi qo‘lingizni oching, deb yana qaytarib berdim. Qo‘limni ochib, shu yigitning haqqiga duo qildim», – dedilar.

Qarang, bugun ham inshaalloh niyati to‘g‘ri, birovning bitta tushib qolgan olmasiga xiyonat qilmaydigan yigitlarimiz bor.

Halollikdan olimlar dunyoga keladi

Agar biz tarixga qaraydigan bo‘lsak, tarixda yashab o‘tgan ulug‘larimizning ulug‘ligining tamal toshi bu – halollikdir.

Masalan, Imom Buxoriyning otasi onasiga aytgan ekan: «Mening farzandlarimga qoldiradigan merosimda bir dirham shubha borligini bilmayman», – degan ekanlar.

Bu kishi harom emas, hattoki shubha borligini bilmayman, degan ekanlar. Mana bu halollikning natijasidan tug‘ilgan farzand dunyoning olimi bo‘ldi.

Yoki Imomi A'zamning tug‘ilishini bilasiz. Otalari suvdan oqib kelayotgan bitta olmani tishlab, e, axir bu kimningdir haqqi-ku, deb turib, surishtirib egasini topgan. Bog‘ egasi bu insonning halolligiga xaridor bo‘lib, qizlarini nikohlaganlar. Mana shu nikohdan Imomi A'zam tavallud topgan ekanlar.

Halollikdan duolar qabul bo‘ladi

Azizlar, bugun farzand tarbiya qilyapmiz. Farzandlarimizning kelajakda ulug‘ inson bo‘lishi, xalqparvar va yurtiga kerakli inson bo‘lishini umid qilsak, albatta ularga ilm, odob beramiz. Lekin mana shu ilmimiz, odobimizning barakasi bo‘lishi uchun o‘sha ilm va odob yuqishi uchun ularning luqmasiga e'tibor berishimiz kerak.

Ilgari onalarimiz farzandlarini tahoratsiz emdirmagan. Bizning onalarimizning allasi o‘sha «Alloh» degan so‘z bo‘lgan. Biz halollikka juda katta e'tibor berishimiz kerak. Bugun mamlakatimiz uchun ham halol xodimlar kerak.

Xonadonimizda halollik va poklik bo‘lsa, inshaalloh Allohning nuri, barakoti yog‘iladi. Qolaversa, qo‘l ko‘tarib qilgan duolarimiz ijobat bo‘ladi.

Tarozudan urib qoluvchilarga vayl bo‘lsin!

Ba'zilar bor, xiyonat qiladilar: savdoda va tirikchiligida odamlarni aldaydilar.

Bir kishi aytyapti: «Bozorda bir qop piyoz oldim. Ko‘rsatgani juda ham ajoyib. Menga ma'qul bo‘ldi. Pulini berib, uyga olib keldim-da qopni to‘kib qarasam, ichi to‘la maydasi ekan. Bu qanday bo‘ldi, ichi to‘la maydasi ekan-ku? Bu meni aldadi-ku. Menga sotgan yigit nabiram qatori edi. Nahotki, hozirgi yigitlar aldoqchi bo‘lib ketdi, deb ranjidim. Birovga aytsam, «Ey, otaxon qarang bu hiylani. Shunaqa tirikchilik qilib bo‘ladimi?» dedi.

Shunda bilsam, qopning ichiga quvur solar ekan. Qop ichidagi quvurning atrofiga yirigini, quvurning ichiga esa, maydasini solar ekan. Yana og‘ziga yirigini solib qo‘yar ekan. Bu qanday bir hiyla?»

Qur'oni Karimda 114ta suraning biri – «Mutoffifin» surasi. «Urib qoluvchilar». Birovning xaqini urib qolib, enidan, bo‘yidan, litrdan, kilosidan. Shu bilan bola-chaqa boqib bo‘ladimi?

Qo‘rqish kerak. «Mutofifin» surasi bor. Mutoffifin degani – urib qoluvchilar degani. Alloh taolo suraning avvalida dahshat bilan boshlaydi. Ya'ni, Alloh taolo urib qoluvchilarga do‘zax bo‘lsin deydi. Birovdan olganda kamaytirib oladigan, sotganda ko‘paytirib sotgan odamlar ko‘p emasmi?

Ming kishiga saxovat ko‘rsatayotganlar bor

Ayniqsa, hozirgi pandemiya vaqtida karantin vaqtida shunday holatlar ko‘p uchradi. Hattoki, 3 ming so‘m bo‘lgan narsa 5 ming – 6 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Xalqning boshiga kelgan bu qiyin kunlarda kimning aslida kimligi bilinadigan payt.

Shunaqa yigitlarni ham ko‘ryapmiz: bir yigit minglab odamlarga saxovat ko‘rsatib, savob qilyapti. Lekin payt poylab kimlardir narxni oshirib foyda topib qolishlik umidini ham qilyapti.

Narx oshishini o‘ylash – mo‘min tijoratchiga xos emas

Rasuli Akram alayhissalom aytganlar: «Mahsulotini yoki olib keladigan mahsulotini, bir kun qimmat bo‘lishini umid qilib xayolidan o‘tkazsa, Alloh taolo bir hafta uning duosini va toatini qabul qilmaydi».

Olib keladigan yoki ishlab chiqaradigan mahsulotimizni qimmat bo‘lishini emas, mo‘l-ko‘l bo‘lishini, barakali va xaridorgir bo‘lishini so‘rashimiz kerak. Narxlar oshsa-yu, foydalanib qolsak, degan ish – bu mo‘minning ishi emas.

Pandemiya davrida, kerak bo‘lsa, olayotgan foydasini kamaytirish ham savobdir

Ayniqsa, mana shu savdo bilan shug‘ullanadiganlar oldingi, karantindan oldingi foydangizni hozir kamaytiring. Kerak bo‘lsa, hozir kamroq foyda ko‘ring. Balkim, shu ish bilan siz savoblarga ega bo‘larsiz. Mana shu ham bir vatanparvarlik va xalqparvarlik bo‘ladi. Shuning uchun mayli, zarar ko‘rmang, lekin narxni oshirib bunday ishni qilishlik yaxshi emas.

Sababi – ba'zi bir xonadon egalari mehnat ta'tili bilan uyda o‘tirgandir. Ularga qiyinchilik bo‘lishi mumkin. Shu jihatdan narxlarni bir me'yorda ushlab turish – har birimizning ham fuqarolik, ham mo‘minlik, iymon oldidagi vazifamiz desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Mavzuga oid