Jahon | 10:12 / 06.05.2020
150910
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva oblastida 6 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Joriy yilning 5 may kuniga o‘tar kechasi Moskva oblastidagi Ramenskoye tumanida elektr simlarining nosozligi sababli muhojirlar yotoqxonasi yonib ketdi. Olti nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi, qolgan fuqarolar omon qoldi.

Foto: Rossiya FVV

«Moskovskiy komsomolets» xabariga ko‘ra, Durnixa qishlog‘ida yonib ketgan ikki qavatli uy (maydoni 200 metr) ilgari mahalliy aholi vakiliga tegishli bo‘lgan, ammo bundan bir necha yil oldin uy migrantlar uchun yotoqxona barpo etgan tadbirkorga sotilgan. Bundan tashqari, migrantlar uchun bir nechta yashash vagonlari yer maydonining o‘zida o‘rnatilgan. Hammasi bo‘lib, guvohlarning ta'kidlashicha, yotoqxonada ellik nafargacha odam bo‘lgan. So‘nggi vaqtlarda izolyatsiya tufayli migrantlar uyni deyarli tark etishmagan.

Yong‘in haqida ma'lumot favqulodda xizmatlarga soat 4:21da kelgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari, keyin shifokorlar voqea joyiga yetib kelishdi. Yog‘ochdan qurilgan ikkinchi qavat butunlay yonib ketgan. Uch nafar erkak va uch nafar ayol vafot etdi - ular birinchi qavatga qulab tushgan. Halok bo‘lganlar O‘zbekiston fuqarolari ekani, taxminan 30 yosh atrofida bo‘lgani aniqlandi. 

Hozirda tergovchilar migrantlarning Rossiya hududida bo‘lgani qonuniyligini tekshirishmoqda. Bundan tashqari, tergovchilar uy egasini so‘roq qilishadi.

Uy elektr uskunalar yordamida isitilgan, shuning uchun sodir bo‘lgan hodisaning asosiy versiyasi - simlardagi tutashuv. Halok bo‘lganlarning shaxsi aniqlanmoqda.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Moskva oblasti bo‘yicha bosh boshqarmasi rahbarining katta yordamchisi Olga Vradiy so‘zlariga ko‘ra, hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

Mavzuga oid