O‘zbekiston | 13:46 / 06.05.2020
41548
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati mavjud epidemiologik vaziyat tufayli «sariq» hududga kiritildi

Kecha, 5 may kuni prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatdagi epidemiologik holatdan kelib chiqib, karantin qoidalari bosqichma-bosqich yumshatilishi bildirildi. Shuningdek, viloyat, tumanlar va shaharlar “qizil” (yuqori xavfli), “sariq” (o‘rta xavfli) va “yashil” (xavfsiz) hududlarga ajratilishi belgilandi.

Surxondaryo mavjud epidemiologik vaziyat tufayli “sariq”, ya'ni o‘rta xavfli hududga kiritildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Bildirilishicha, viloyat bo‘yicha 6 may kuniga qadar 41 nafar shaxs koronavirus infeksiyasiga chalingani aniqlangan. Shu kungacha ularning 29 nafari kasallikdan butunlay sog‘aygan. 12 nafari ayni paytda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. 

Davolayotganlarning 6 nafari joriy yilning 28 mart kuni Moskva – Termiz yo‘nalishida charter reys bilan kelgan fuqarolar, 3 nafari kasallikka chalingan ushbu fuqarolarga xizmat ko‘rsatish jarayonida yuqtirib olgan fuqaro, yana 3 nafari esa Rossiyadan tranzit yo‘nalishida viloyatga kirib kelgan yuk mashinalari haydovchilaridir. Ularning ahvoli qoniqarli, tibbiyot xodimlari tomonidan xalqaro standartlar asosida muolajalar olib borilmoqda.

Surxondaryo koronavirus infeksiyasiga chalinganlar ko‘rsatkichi bo‘yicha respublikada Toshkent shahri (668 nafar bemor), Buxoro viloyati (435), Xorazm viloyati (232), Namangan viloyati (230), Andijon viloyati (165), Farg‘ona viloyati (158), Samarqand viloyati (140), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (109)dan keyingi to‘qqizinchi o‘rinda turibdi.

Mavzuga oid