O‘zbekiston | 12:35 / 08.05.2020
19913
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 1700ga yaqinlashdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Namangan, Sirdaryo va Andijonda koronavirusga chalinganlarning 32 nafari sog‘aygani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Namangan viloyatidan 22 nafar bemorga javob berilgan. Ularning 10 nafari erkak, 12 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 73 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 7 yoshda. Ular bugun reabilitatsiyaga kuzatildi. Viloyatda shu paytga qadar 137 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 159 nafarga yetdi.

Sirdaryo viloyatida 8 nafar bemor sog‘ayib chiqqan. Ularning barchasi Qozog‘iston Respublikasidan kelishgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Ularning barchasi erkak bo‘lib, eng yoshi kattasi 44 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 21 yoshda. Ular bugun reabilitatsiyaga kuzatilmoqda. Viloyatda shu paytga qadar 5 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 13 nafarga yetdi.

Andijonda yana 2 nafar bemor darddan forig‘ bo‘lgan (32 yoshli ayol va 28 yoshli erkak). Ularning ikkisi ham Andijon shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Ular bugun reabilitatsiyaga kuzatildi. Viloyatda shu paytga qadar 133 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 135 nafarga yetdi.

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 1688 nafarga yetdi.

Mavzuga oid