O‘zbekiston | 16:02 / 10.05.2020
25175
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand va Toshkentda bemorlarning navbatdagi guruhlariga javob berildi

Samarqand viloyatida va Toshkent shahrida jami 24 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘ayib chiqdi va reabilitatsiyaga kuzatildi. Endi mamlakatda koronavirusdan tuzalganlarning jami soni 1870 nafarga yetdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, Samarqand viloyatida 10 bemorga (4 nafari Toyloq tumanidan, 2 nafari Samarqand shahri va Oqdaryo tumanidan, Jomboy va Payariq tumanidan 1 nafardan) javob berilgan bo‘lib, 9 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. 1 nafari esa Gruziyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga kelgan va karantinga olingan, kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Ularning eng yoshi kattasi 62 yoshda, yoshi kichigi esa 4 yoshda.

Viloyatda shu paytga qadar 70 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 80 nafarga yetdi.

Shuningdek, Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 10 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 4 nafar, jami 14 koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan sog‘ayganlarning 8 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Qolgan 2 nafari Rossiyadan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Bemorlardan 6 nafari erkak, 4 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 49 yoshda bo‘lsa, eng yoshi shu yil tug‘ilgan chaqaloq.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning barchasi erkak bo‘lib, 2 nafari Rossiyadan, 1 nafari Qozog‘istondan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 1 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Ular orasida eng yoshi kattasi 78 yoshli otaxon bo‘lsa, eng yoshi kichigi 22 yoshda.

Toshkent shahrida shu paytga qadar 561 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 575 nafarga yetdi.

So‘nggi kunlarda qayd etilayotgan holatlar xorijdan keluvchilar bilan bog‘liq. Xususan, bugun aniqlangan 62 bemordan 53 nafari xorijdan kelgach karantinga joylashtirilgan fuqarolardir.

  • Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 1870 nafarni tashkil etmoqda.
  • 10 may soat 15:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2411 nafarni tashkil qilmoqda. 

Mavzuga oid