Jahon | 12:52 / 12.05.2020
65178
3 daqiqa o‘qiladi

Karantindagi «Grin kard». Qoidalar o‘zgardimi?

Foto: Getty Images

AQShga oila bilan yoki yakka holda qonuniy ravishda ko‘chish imkonini beruvchi «Grin kard»  lotereyasi anketasi 2019 yil 2 oktyabridan 5 noyabrgacha har yilgidek AQSh davlat departamenti huzuridagi maxsus sayt — https://dvlottery.state.gov/ orqali to‘ldirildi. Ammo lotereya javobi hanuzgacha ommaga ma'lum qilinmadi. Nega?

Ta'kidlash o‘rinliki, «Grin kard»  anketasi qanday to‘ldirilishi borasida aholining keng qatlami orasida aniq bilim bo‘lmagani ko‘plab tushunmovchiliklarga, aksar hollarda g‘arazli kishilarning tekin daromad manbaiga sabab bo‘ladi. Shu tufayli lotereya bilan bog‘liq barcha rasmiy ma'lumotni faqat AQSh davlat departamenti huzuridagi maxsus sayt — https://dvlottery.state.gov/ orqali o‘rganish, bilish mumkin.

Unda yozilishicha, o‘tgan yilgi to‘ldirilgan anketalarning maqomini 6 iyundan boshlab tekshirish mumkin. G‘olib respondentlar tasdiq xatini qabul qiladi va 2021 yil 30 sentyabrga qadar uni saqlashi lozim. Odatda har yili may oyida e'lon qilinadigan natijalar joriy davrda pandemiya tufayli ortga surildi. Hozircha lotereya qoidalariga boshqa jiddiy o‘zgarish va tuzatish kiritilmadi,

Har yili, AQSh hukumati «Turli millatga mansub immigrantlar vizasi – DV»  dasturi doirasida 50000 ta doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi. Vizalar so‘nggi besh yil ichidagi AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari asosida olti mintaqaviy hudud orasida taqsimlanadi; bunda AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlarga ko‘proq viza miqdori belgilanadi. Vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov lotereyasi yordamida saralanadi. Shaxsning ismi lotereyada tanlanishi unga immigratsion vizaga murojaat etish jarayonining keyingi bosqichlarini o‘tish imkoniyatini beradi.

Elektron arizani topshirishda hech qanday to‘lov mavjud emas. Ko‘plab kompaniyalar, internet kafelar va boshqa vositachilar haq evaziga «Grin kard»  lotereyasiga ariza topshirish bo‘yicha aholiga yordamlarini taklif etishadi. AQSh Elchixonasi bunday turdagi tashkilotlarning hech biri bilan hamkorlik qilmaydi va ularga mutlaqo aloqasi yo‘q. Shuni unutmangki, bunday vositachilar xizmatidan foydalanish shaxsning «Grin kard»  lotereyasida g‘olib bo‘lish ehtimolligini umuman oshirmaydi.

Mavzuga oid