Britaniya karantindan qanday chiqmoqda?
Buyuk Britaniyada koronavirus epidemiyasiga qarshi kurash doirasida joriy etilgan cheklovlarning bir qismi bugundan e'tiboran bekor qilindi va ijtimoiy hayotni normallashtirish yo‘lidagi dastlabki qadamlar tashlandi.
Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan «yo‘l xaritasi»ga binoan, bugundan boshlangan ilk bosqichda odamlar endi tashqarida ko‘proq vaqt o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.
Xususan, ular parklarda sayr qilish, piknik va baliq ovlarini uyushtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ayni paytda ijtimoiy masofaga qat'iy amal qilib, ya'ni o‘rtada 2 metr masofa saqlagan holda boshqa xonadon vakili bilan ham uchrashishlari mumkin.
Tennis kortlari, golf klublari va basketbol maydonchalari kabi ochiq sport inshootlari qayta ochiladi. Ushbu joylarda odamlar yolg‘iz yoki oila a'zolari va boshqalar bilan ijtimoiy masofa saqlash qoidalariga rioya qilgan holda o‘ynashlari, kun davomida xohlagancha tashqarida mashq qilishlari mumkin.
Bundan tashqari, jamoat transportidan foydalanish tavsiya etilmayotgani sababli o‘z shaxsiy avtomashinalarida qishloq hududlariga, milliy bog‘larga va plyajlarga borish mumkin.
Masofadan turib ishlash imkoni bo‘lmagan soha vakillari – quruvchilar yoki zavod ishchilari o‘z ish joylarida xavfsizlik tartiblarini ta'minlangan holda ishlashi talab etiladi.
Amalda qolayotgan taqiqlar
Kuchda qolgan taqiqlarga ko‘ra, ta'tilga chiqilmaydi, yozgi uylarda qolinmaydi, yordam berish maqsadidan boshqa barcha hollarda do‘stining uyi yoki boshqa insonlarning uyiga borish taqiqlanadi.
Jamoat joylaridagi hovuzlarda suzilmaydi, bolalar maydonchalaridan foydalanilmaydi. Yopiq sport zallari, yopiq suzish havzalari, yopiq ko‘ngilochar markazlar yoki inshootlari ochilmaydi.
Barlar, tungi klublar, restoranlar va teatrlar yopiqligicha qoladi.
Qoidalarni buzganlar uchun jarima miqdori 60 funtdan 100 funtgacha oshiriladi. Har bir qonunbuzarliklar soni ko‘paygani sari bu miqdor 3 ming 200 funt sterlinggacha oshishi mumkin.
Ikkinchi bosqichda maktablar, uchinchi bosqichda mehmonxonalar ochiladi
Rejaga ko‘ra, 1 iyun kunidan e'tiboran amalda bo‘ladigan ikkinchi bosqichda ayrim do‘konlar ochiladi va dastlab boshlang‘ich maktablar, keyin esa yuqori sinf o‘quvchilari uchun darslar boshlanadi.
Iyul oyida boshlanishi rejalashtirilgan uchinchi bosqichda esa ijtimoiy masofa qoidalariga rioya qilish sharti bilan mehmonxonalar va jamoat joylari ochiladi.
Karantin qarorlari
Angliyada 23 martda boshlangan va 16 aprelgacha uzaytirilgan cheklovlarga ko‘ra, odamlar faqat asosiy ehtiyoj mollarini xarid qilish, shuningdek, kunda bir bor jismoniy mashqlar bajarish, masofadan turib ishlash imkonsiz bo‘lgan taqdirda, ish joyiga borish va boshqalarga yordam ko‘rsatish uchungina tashqariga chiqishlari mumkin edi.
Faqat bozorlar, dorixonalar va yetkazib berish xizmatini ko‘rsatayotgan restoranlar faoliyat yuritayotgan mazkur mamlakatda barcha ijtimoiy tadbirlar taqiqlangandi.
Ma'lumot uchun, Covid-19 tufayli halok bo‘lganlar soni 32 mingdan oshgan Angliya o‘lim darajasi bo‘yicha dunyoda AQShdan keyingi ikkinchi va Yevropada esa birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Mavzuga oid
20:45 / 12.11.2024
Angliyada birinchi akkumulyatorli poyezd sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. U soatiga 120 km tezlikka chiqdi
18:15 / 12.11.2024
Buyuk Britaniya mudofaa ehtiyojlari uchun yadroviy yoqilg‘i ishlab chiqarishni qayta tiklashi mumkin
19:02 / 10.11.2024
The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
00:46 / 10.11.2024