O‘zbekiston | 18:14 / 14.05.2020
15414
4 daqiqa o‘qiladi

«Yashil» hududlardagi sudlarda fuqarolarning shaxsiy qabuliga ruxsat berildi

«Yashil» va «sariq» toifaga kiruvchi hududlardagi sudlarda barcha ishlarning belgilangan tartibda ko‘rilishiga ruxsat berildi.

Oliy sud Rayosatining 20 martdagi «O‘zbekiston Respublikasi sudlarida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, sudlarda fuqarolarning shaxsiy qabuli, sud jarayonlari va sayyor sud majlislari vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Maxsus komissiya qarori bilan 8 maydan boshlab hududlar «qizil», «sariq» va «yashil» toifaga ajratilgani munosabati bilan, 12 may kuni Oliy sud Rayosati yuqoridagi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida qaror chiqardi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma'lum qildi.

Qabul qilingan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, «qizil» va «sariq» toifaga kiruvchi hududlardagi sudlarda fuqarolarning shaxsiy qabuli to‘xtatib turiladi hamda fuqarolarga hujjatlarni sudlarga faqat elektron shaklda yoki pochta orqali yuborish tavsiya etiladi.

«Yashil» toifaga kiruvchi hududlardagi sudlarda esa fuqarolar qabuliga ruxsat beriladi.

Shuningdek, «qizil» toifaga kiruvchi hududlardagi sudlar tomonidan faqat quyidagi ishlar ko‘rilishi belgilangan:

  • epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish va boshqa ma'muriy huquqbuzarliklarga doir;
  • qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash;
  • qamoqda saqlash muddatini uzaytirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish;
  • shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish;
  • ma'muriy qamoqqa olish;
  • shaxsni g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish (statsionarda yotish muddatini uzaytirish);
  • shaxsni sil kasalligiga qarshi kurashish muassasasiga g‘ayriixtiyoriy tartibda yotqizish (muassasada yotish muddatini uzaytirish);
  • fuqaroni muomala layoqatini cheklash yoki muomalaga layoqatsiz deb topish,
  • boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan toifadagi ishlar.

Sudlar sud buyrug‘i tartibidagi ishlarni (aliment undirish va boshqalar) ham ko‘rishi mumkin.

«Yashil» va «sariq» toifaga kiruvchi hududlardagi sudlarda barcha ishlarning belgilangan tartibda ko‘rilishiga ruxsat beriladi.

Barcha sudlarda (toifa hududidan qat'i nazar):

  • sudya va mutaxassislar tomonidan ijtimoiy masofani (2 metrni) saqlagan, tibbiy niqob va antiseptik vositalaridan foydalangan holda faoliyat yuritishini ta'minlash;
  • barcha turdagi ommaviy tadbirlar (ma'rifat soatlari, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari, o‘quv mashg‘ulotlari va boshqa ommaviy tadbirlar)ni o‘tkazmaslik (sudlar faoliyati bilan bog‘liq videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan yig‘ilishlar bundan mustasno);
  • sud binolariga kirish-chiqish joylarini pirometr va antiseptik vositalar bilan ta'minlash, sud muhokamasiga kelgan har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, niqobsiz va tana harorati 370S va undan yuqori bo‘lgan holatda, sud binosiga kiritmaslik kabi majburiy talablarga qat'iy rioya etish belgilangan.

Bundan tashqari, ko‘rib chiqilish uchun tayinlangan ishlar qoldirilgani sababli, ularni ko‘rilishga qayta tayinlangan vaqti bo‘yicha sud majlisi ishtirokchilariga alohida xabar qilinadi.

Mavzuga oid