Jahon | 12:10 / 18.05.2020
8959
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyalik deputat Trampni “NATO uchun vayronkor bakteriya” deb atadi

Germaniyalik deputat Rolf Myutsenix AQSh prezidenti Donald Trampni “bakteriyaga” qiyoslab, NATO uchun vayronkor ta'sir ko‘rsatishini aytdi.

Foto: Global Look Press/Stefani Reynolds/CNP/AdMedia

Bu haqda Bild nashri xabar berdi. Nemis siyosatchisi Trampni yevropaliklarni dushman sifatida qabul qilishda va NATOni zaiflashtirishda ayblagan. 

Germaniya sotsial-demokratik partiyasi a'zosi bo‘lgan Myutsenix AQShning yadro kuchlarini qo‘llashni ko‘zda tutuvchi yangi yadro doktrinasining xavfli ekaniga ishora qilgan.

Avvalroq, may oyida deputat Germaniyadan AQShning yadro qurollarini olib chiqishni talab qilgan. Shu sababli u Xristian-demokratik ittifoq/Xristian-ijtimoiy ittifoq partiyalari va Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas tomonidan tanqidga uchragan.

Biroq deputat o‘z chaqirig‘i NATOni zaiflashtirishni istash bilan bog‘liqmasligini tushuntirgan.

“Agar Germaniya va boshqa davlatlarda AQSh yadro qurollari joylashtirilishi mustahkamlovchi element bo‘lsa, unda bu alyans uchun uncha yaxshimas”, deb aytgan Myutsenix.

Shunga o‘xshash fikrni Germaniya parlamentining tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi a'zosi Yurgen Trittin bildirgan. Uning fikricha, yevropaliklar o‘z xavfsizligini ta'minlash uchun AQShning yadro qurolidan xalos bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, u Yevropada Trampga yaxshisi ishonmagan ma'qul ekanini aytgan, chunki aynan AQSh prezidenti o‘rta va kichik masofalarga mo‘ljallangan raketalarni yo‘q qilish haqidagi kelishuvni barbod qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid