Jahon | 10:21 / 18.05.2020
7813
1 daqiqa o‘qiladi

Nyu-York gubernatori jonli efirda koronavirusga test topshirdi

AQShning Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo 17 may kuni o‘zining har kungi brifingi vaqtida koronavirusga test topshirdi. Ushbu jarayon jonli efirda kechgan.

Foto: ny1.com

U tahlil topshirish jarayoni og‘riqsiz ekanini namoyish qilib, shtat aholisini test topshirishga chaqirgan.

“Agar o‘zingizda kasallik alomatlari bor, deb o‘ylasangiz, testdan o‘ting”, deb keltirgan Kuomo so‘zlarini CBS New York telekanali.

Gubernatorning ta'kidlashicha, shtatning 700 ta nuqtasida har kuni 40 ming test o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, fuqarolar virusga testdan o‘tish uchun ularga yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishmayapti.

15 may kuni shtat rahbariyati koronavirus pandemiyasidan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlarda karantin choralarini 13 iyungacha uzaytirgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, shtatda koronavirusga chalinganlar soni 350 mingdan oshgan, ulardan 28 mingi vafot etgan, 60 ming kishi sog‘ayib ketgan. Umuman olganda, AQSh bo‘yicha virusga chalinganlar 1,527 mlndan, vafot etganlar 90 mingdan, sog‘ayganlar 346 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.  

Mavzuga oid