Jahon | 18:30 / 18.05.2020
12534
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy koronavirusdan jabr ko‘rgan mamlakatlar uchun 2 mlrd dollar ajratadi

BMT bilan hamkorlikda Xitoy hududida epidemiyaga qarshi vositalar yig‘iladigan global ombor va muhtoj mamlakatlarga yetkazib berishni ta'minlash uchun xab tashkil etiladi.

Si Tszinpin / Foto: Noel Celis / Getty Images

Dushanba kuni videorejim shaklida 73-Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi boshlandi. Uni Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin ochib berdi. 

U Xitoy JSSTni mamlakatda koronavirus tarqalishi to‘g‘risida kerakli hajmda va mutlaqo shaffof tarzda xabardor qilganini aytdi. 

«Xitoy shaffoflik tamoyillariga hamisha amal qilgan holda JSST va boshqa davlatlarni mamlakatdagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qildi», — dedi Si Tszinpin. 

U shuningdek, koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish va birinchi navbatda rivojlanayotgan davlatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ochiqladi. Unga ko‘ra, xususan, Pekin epidemiyadan jabr ko‘rgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2 mlrd dollar ajratadi.

Bundan tashqari, BMT bilan hamkorlikda Xitoy hududida epidemiyaga qarshi vositalar yig‘iladigan global ombor va muhtoj mamlakatlarga yetkazib berishni ta'minlash uchun xab tashkil etiladi. Bu vositalarni tashish uchun «yashil» yo‘lak ajratiladi, dedi XXR raisi.

Si Tszinpin virus tarqalishini iloji boricha tezroq to‘xtatish zarurligini qayd etdi.

Uning ma'lum qilishicha, Xitoy Afrikaning qariyb 50ta mamlakatiga yordam ko‘rsatgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 4,8 milliondan oshgan, 317,2 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid