Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi vaziyat: Braziliyada rekord, Ukrainada karantin yumshatilmoqda
Jahon banki iqtisodchilari koronavirus pandemiyasidan keyin dunyoda 60 million kishi haddan tashqari qashshoq ahvolga tushishini prognoz qilmoqda. Braziliyada pandemiya davrida o‘limlar soni bo‘yicha kunlik eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi, Singapurda ilk marta Zoom orqali o‘lim hukmi chiqarildi.
BBC koronavirus pandemiyasiga oid so‘nggi ma'lumotlarni keltiradi.
Jons Hopkins Universiteti ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda virusdan zararlanish holatlari soni 5 millionga yaqinlashmoqda, shu vaqtgacha kasallikdan 325 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi.
Jahon banki prezidenti Devid Malpass koronavirus pandemiyasi oqibatlari jahon iqtisodiyoti uchun halokatli bo‘lishi ehtimolini ma'lum qildi.
«Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 60 million odam o‘ta qashshoq ahvolga tushishi mumkin. Bu so‘nggi uch yil davomida qashshoqlikka qarshi kurashda olib borilgan kurashning barcha natijalarini yo‘qqa chiqaradi», degan u.
Jahon banki terminologiyasida «haddan tashqari qashshoqlik» deganda kuniga 1,9 dollardan kam daromad ko‘zda tutiladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Jahon banki pandemiyaga qarshi kurash yo‘lida hozirgacha dunyo aholisining 70 foizi to‘g‘ri keladigan 100ta davlatga yordam ko‘rsatib ulgurgan. Bank rivojlanayotgan mamlakatlarga 15 oy davomida koronavirus pandemiyasining oqibatlariga qarshi kurashish uchun grantlar, imtiyozli kreditlar va investitsiyalar shaklida 160 milliard dollar ajratadi.
Ammo Malpassning hisoblashicha, bu yordam yetarli bo‘lmaydi. U tijoriy banklarni pandemiya davrida kambag‘al davlatlarning qarzlaridan kechishga shoshilmayotgani uchun tanqid qilgan.
Koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil dunyoning yetakchi iqtisodiyotlarida pasayish kuzatilmoqda. Mart oyidayoq so‘nggi 50 yilda ilk marta Xitoyda iqtisodiy faollik qisqarishi kuzatilgandi, Yevropa Ittifoqi yil yakunlariga ko‘ra o‘z tarixidagi eng katta YaIM qisqarishini prognoz qilmoqda, Amerika iqtisodiyoti esa o‘nlab yillar davom etgan o‘sish bosqichini to‘xtatdi.
Braziliyada koronavirusdan kunlik o‘limlar soni bo‘yicha rekord natija qayd etildi - so‘nggi bir kunda 1179 bemor vafot etgan hamda koronavirus qurbonlari soni 18 mingga yetgan.
Mamlakat koronavirusdan zararlanish holatlari soni bo‘yicha jahonda uchinchi o‘ringa chiqqan bo‘lsada (275 mingdan ortiq holat), prezident Jair Bolsonaru karantin joriy etishga qarshi bo‘lmoqda.
Braziliyaning eng yirik shaharlaridan biri, 12 milliondan ortiq aholi yashaydigan San-Paulu pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan hudud bo‘lib qolmoqda. Chorshanba kuni bu hududda besh kun davom etuvchi dam olish kunlari boshlandi, hukumat ushbu ta'til virus tarqalishini sekinlashtirishiga umid qilmoqda.
Braziliya tashqi ishlar vazirligi Covid-19’ga qarshi davolashda tavsiya etilgan dorilar ro‘yxatiga bezgakka qarshi qo‘llab kelingan xloroxin va gidroksixloroxin preparatlarini qo‘shdi. Bu prezident Jair Bolsonaru tashabbusi bilan bo‘ldi. Shu haftada AQSh prezidenti Donald Tramp virusdan saqlanish uchun gidroksixloroxin qabul qilayotganini aytgandi.
Ayni vaqtda gidroksixloroxin koronavirusdan himoyalashiga dalil yo‘q, lekin dorining klinik sinovlari AQSh, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Xitoyda o‘tkazilmoqda.
Britaniyalik ekspertlar pandemiya davrida qo‘lni necha marta sovunlab yuvish kerakligiga aniqlik kiritishdi. Olimlar 2006-2009 yillarda hozirgiga o‘xshash kasallik keltirib chiqaradigan viruslar bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarga asoslanishgan.
Ma'lum bo‘lishicha, kuniga 6 martadan 10 martagacha qo‘lni sovunlab yuvish foydali bo‘ladi. 1663 kishi ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnomada olingan ma'lumotlarga ko‘ra, kuniga kamida 6 marta qo‘lni sovunlab yuvganlarda virusga chalinish ehtimoli kamrq bo‘lgan.
Qo‘lni kuniga kamida 10 marta yuvuvchilarda esa virus yuqtirish xavfi deyarli bo‘lmaydi.
Singapur Oliy sudi ilk marta Zoom orqali o‘lim jazosi tayinladi. Huquq himoyachilari buni noinsoniy qadam sifatida baholashmoqda.
O‘lim hukmi malayziyalik 37 yoshli Punitan Genasanga chiqarilgan. Avvalroq sud uni 2011 yilda 28,5 gramm miqdoridagi giyohvand moddalar kontrabandasida aybdor deb topgandi. Singapur qonunlari bunday jinoyat uchun o‘lim jazosini nazarda tutadi.
Singapurda 1 apreldan e'lon qilingan karantin davrida ko‘plab sud majlislari qoldirilgan, biroq muhim ishlar masofadan ko‘rib chiqilmoqda.
Oliy sud barcha ishtirokchilar xavfsizligi uchun hukm masofadan chiqarilganini ma'lum qilgan.
«Singapur tomonidan o‘lim jazosining qo‘llanilishi o‘z mohiyatiga ko‘ra shafqatsiz va noinsoniydir, buning uchun Zoom kabi masofaviy texnologiyalardan foydalanish esa yana ham shafqatsiz hisoblanadi», degan Human Righs Watch’ning Osiyo yo‘nalishi direktori o‘rinbosari Fil Roberson.
Ukraina hukumati 22 maydan karantin choralarini bekor qilmoqda. Shu kundan shaharlarda transport harakatiga ruxsat beriladi, 25 maydan yirik shaharlarda metro faoliyati ham tiklanadi.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy chorshanba kuni mamlakat epidemiya avj olishi nuqtasidan o‘tayotgani haqida gapirdi. Holbuki Eronda so‘nggi uch kunda yangi kasallanish holatlari soni 2 mingdan kam bo‘lmadi. Chorshanba kuni Ruhoniy hukumat a'zolari yig‘ilishida Eron so‘nggi uch oyda «har bir yo‘nalishda olg‘a qadam tashlagani» haqida gapirdi.
Epidemiya boshlanganidan buyon Eronda 127 mingga yaqin zararlanish holati qayd etilgan va bemorlarning 7183 nafari vafot etgan.
Mavzuga oid
15:47 / 02.04.2026
100 yil oldingi tashabbuslar: jadidlar kambag‘allikka qarshi qanday kurashgan edi?
15:51 / 05.03.2026
O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi 715 ming so‘m deb belgilandi
14:59 / 31.01.2026
Hududiy tengsizlik tashvishli darajaga yetdi. Sabablar nima?
14:18 / 02.01.2026