Uning ogohlantirishicha, shahardagi shifoxonalar 90 foizga to‘lgan va yaqin vaqt ichida umuman bo‘sh joy qolmasligi mumkin.
U karantin choralarini mensimaganlarni «rus ruletka»si o‘ynab, boshqalarning hayoti bilan o‘ynashishda ayblagan.
San-Paulu - Braziliyaning koronavirusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududi. Bu yerda hozirgacha 3 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi.
Ammo bu vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lgan yagona hudud emas. O‘lim holatlari soni ko‘pligi bo‘yicha San-Pauludan keyingi o‘rinda Rio-de-Janeyro bormoqda, bu shahardagi shifoxonalarda ham reanimatsiya xonalarida bo‘sh joylar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.
Shuningdek, Amazonka havzasidagi Manaus shahri ham Janubiy Amerikadagi yirik o‘choqlardan biriga aylangan. 15 may holatiga ko‘ra, bu shaharda koronavirus tasdiqlangan holatlar 18 mingdan oshiq edi, shifoxonalar to‘lib-toshgan, vafot etganlar umumiy qabristonlarga ko‘milmoqda.
Epidemiya ayniqsa Amazoniyaning tub aholisi uchun katta xavf solmoqda, shaharlardan uzoqda joylashgan hududlar aholisi tibbiy yordamlardan foydalanishi juda qiyin.

Shanba kuni Braziliya koronavirusdan zararlanish holatlari bo‘yicha Ispaniya va Italiyani ortda qoldirgandi, seshanba kuni esa Buyuk Britaniya ham ortda qoldirildi va bu mamlakat jahon reytingida AQSh va Rossiyadan keyingi uchinchi o‘rinda joylashgan.
AQShning Jons Hopkins universiteti taqdim etgan statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 19 may kuni yana 16,5 mingdan ortiq kishida virus aniqlandi va jami holatlar soni 272 mingga yaqinlashdi (Ayni vaqtda AQShda tasdiqlangan holatlar soni 1,5 milliondan ortgan, Rossiyada 300 mingdan oshgan). Shu vaqtgacha 17 983 nafar braziliyalik koronavirus qurboniga aylangan. So‘nggi bir kunda 1179 kishi vafot etgan va bu kunlik o‘limlar soni bo‘yicha hozircha eng yuqori natijadir. O‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha Braziliya AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya va Fransiyadan keyingi oltinchi o‘rinda.
18 mayda braziliyalik tibbiyot eksperti Domingo Alves mamlakatda kasallanganlar sonining jadal sur'atlarda o‘sib borayotganidan xavotirda ekani va raqam 3,5 millionga chiqishi mumkinligini bildirgan. Uning fikricha, hukumat barcha bemorlarni aniqlash uchun testlarni yetkazib bera olmaydi. U rasmiy statistika ham asli vaziyatni ifodalay olmasligini bildirgan.


















