O‘zbekiston | 14:08 / 22.05.2020
36346
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro koronavirusdan xoli hududga aylandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Namangan, Buxoro va Samarqandda koronavirus bemorlarining navbatdagi guruhlari tuzalib, jami 31 kishiga javob berilgani to‘g‘risida xabar berdi. Xususan, Buxoroda so‘nggi ikki bemor tuzalgan va ushbu viloyat koronavirusdan xoli hududga aylangan.

Namangan viloyatida 5 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor tuzaldi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘ayib chiqqanlarning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqot qilib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 3 nafari erkak, 2 nafari ayollardir. Kasallikdan forig‘ bo‘lganlarning barchasi Namangan viloyatidan (4 nafari Namangan tumanidan, 1 nafari esa Namangan shahridan). Ular orasida eng yoshi kattasi 84 yoshda bo‘lsa, eng kichigi 48 yoshda.

Viloyatda shu paytga qadar 219 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 224 nafarga yetdi.

Samarqand viloyatida 24 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor tuzaldi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Samarqand viloyatida sog‘ayganlarning 11 nafari erkak, 13 nafari esa ayollardir, ularning barchasi koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Shuningdek, tuzalganlarning barchasi Samarqand viloyatidan (8 nafari Samarqand shahridan, 5 nafari Oqdaryo tumanidan, 4 nafari Samarqand tumanidan, 2 nafardan Payariq va Ishtixon tumanlaridan, 1 nafardan Toyloq, Past Darg‘om va Jomboy tumanlaridan). Ular orasida eng yoshi kattasi 51 yoshda bo‘lsa, eng kichigi 2019 yilda tug‘ilgan.

Viloyatda shu paytga qadar 178 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 202 nafarga yetdi.

Buxoro viloyatida 2 bemorga javob berildi. Reabilitatsiyaga kuzatilgan 2 kishi hozircha ushbu hududdagi koronavirus infeksiyasiga chalingan so‘nggi bemorlar sanaladi. Ikkisi ham Buxoro shahridan va koronavirus infeksiyasini bemorlar bilan muloqot orqali yuqtirib olishgan. Biri 53 yoshdagi ayol bo‘lsa, ikkinchisi esa 6 yoshli qizaloq. Endi viloyat koronavirusdan xoli hududga aylandi.

«Shunday qilib, viloyatda 442 nafar kasallanish holati qayd etilgan bo‘lsa, fidokor shifokorlarimiz sa'y-harakatlari bilan bugungi kunda ularning barchasi butunlay darddan forig‘ bo‘lishdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ma'lumot uchun, shu vaqtgacha Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari koronavirusdan xoli hududlarga aylangandi. Shuningdek, Sirdaryo viloyatidagi bemorlar (21 kishi) 15 may kuni Toshkent shahriga olib kelingan va ushbu hududda so‘nggi kunlarda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq yangi holatlar qayd etilmayapti.

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 2438 nafarni tashkil etmoqda.

Mavzuga oid