Jahon | 00:31 / 24.05.2020
11578
3 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyada koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi ortib bormoqda

G‘arbdagi qator mamlakatlar koronavirus ustidan g‘alaba qozonganini ma'lum qilayotgan bir vaqtda Shvetsiya bu kasallikdan o‘lim darajasi bo‘yicha yetakchiga aylandi.

Foto: Sputnik / Alessandro Rota

Shvetsiya ushbu haftada jahon antirekordini yangiladi. Mamlakatda yetti kun ichida 1 mln kishiga 6,08ta o‘lim to‘g‘ri keldi — Shvetsiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarni ortda qoldirdi. Aholisi o‘n million bo‘lgan mamlakatda koronavirus yuqtirganlar soni 33 mingdan oshgan, 4 mingga yaqin kishi vafot etgan. Aholi jon boshiga o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha Shvetsiya Fransiya, Italiya, Ispaniya va Britaniyadan orqada. Ammo tashvishlanarli jihati, koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha Shvetsiya yon qo‘shnilari bo‘lgan Daniya, Finlyandiya va Norvegiyadan olti, hatto to‘qqiz baravar oldinda.

Eslatib o‘tamiz, Shvetsiyada Yevropaning boshqa mamlakatlaridan farqli ravishda qat'iy karantin joriy etilmagan, qahvaxona va restoranlar, sartaroshxonalar, savdo markazlari, bolalar bog‘chalari va maktablar ochiq. To‘g‘ri, mart oxirida 50dan ortiq kishi ishtirokidagi tadbirlar o‘tkazish taqiqlandi. Shuningdek, hukumat qariyalar uylariga borishni taqiqladi va talabalarni masofadan o‘qishga o‘tkazdi. Shvedlarga avtomobilda uyidan ikki soatlikdan ortiq masofaga bormaslik tavsiya qilindi. Bu qoidani buzganlik uchun hech qanday jarima belgilanmagan.

Koronavirusga qarshi kurashishning shvedcha modeli asoschilaridan biri bosh epidemiolog Anders Tegnell hisoblanadi. U avvalroq aviareyslar yo‘lovchilari niqob taqishlarida ma'no yo‘qligini aytgandi (SAS aviakompaniyasi ana shunday talabni joriy etganidan keyin).

2005-2014 yillarda Shvetsiya bosh epidemiologi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Annika Linde esa boshqacha fikrda.

«Shvetsiya modeli har tomonlama nooqilona bo‘lganini ko‘ramiz deb o‘ylayman»,— dedi u.

Ikki oy avval amaldorlar may oyida aholining chorak qismi koronavirusdan immunitetga ega bo‘lishiga umid qilgandi. Ammo aprel oxirida o‘tkazilgan tadqiqotda tekshiruvdan o‘tkazilganlarning atigi 7,3 foizida antitanalar borligi aniqlandi. 

Shu bilan birga, Shvetsiya hukumatining ushbu siyosati oqibatidan o‘z aholisi jabr ko‘rishi mumkin: qo‘shni Finlyandiya va Norvegiya epidemiologik ko‘rsatkichlardan kelib chiqib chegaralar ochilganidan keyin ham shvetsiyalik turistlarga kirishni taqiqlashni muhokama qilmoqda.

Ekspertlar koronavirusga qarshi kurashning shvedcha modeli samaralimi yoki yo‘qmi degan savolga aniq javob berishga qiynalmoqda. Ular yo‘qotishlar borasidagi aniq xulosani kelasi yili chiqarish mumkin, degan fikrda.

 

 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid