O‘zbekiston | 17:07 / 28.05.2020
41509
4 daqiqa o‘qiladi

Ochilgan propiska yana yopilishi haqidagi gaplar qanchalik asosli?

Ayni kunlarda Toshkent shahridagi barcha notariuslarda ish qizg‘in. Turnaqator navbatlarning asosiy sababi poytaxt propiskasi bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolarining cheklovlar bekor qilingani ortidan o‘z nomiga ko‘chmas mulk rasmiylashtirayotganlari bo‘lmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida hukumat 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqishi lozimligini ta'kidlagandi.

Natijada yillar davomida og‘riqli muammo bo‘lgan, uzluksiz tanqidlarga uchragan cheklovlar bekor qilindi va fuqarolar Toshkent shahri yoki viloyatidan o‘zlari istagan ko‘chmas mulkni xarid qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

Ammo bu imkoniyat yangi noqulayliklarni keltirib chiqardi – yillar davomida toshkentlik tanishlari nomiga uy olib foydalanib yurgan “viloyatliklar” yoppasiga mulklarini o‘z nomlariga o‘tkazishga kirishdilar.

Biz bu masala bo‘yicha poytaxtda faoliyat yurituvchi ayrim notariuslar bilan bog‘landik va mavzu bo‘yicha bir biriga o‘xshash fikrlarni eshitdik:

– Bir ish kunida ko‘chmas mulkni rasmiylashtirish bo‘yicha yuzlab murojaatlar bo‘lyapti. Afsuski eshik oldida navbatda turganlar ijtimoiy masofaga ham, tartibga ham ko‘ngildagidek rioya qilmayaptilar. Birdaniga buncha odamga xizmat ko‘rsata olmasligimizni, navbat asosida ishlashimizni bildirsak, deyarli hamma bir xil gapni takrorlamoqda – “Propiska yaqinda yana yopilarkan, ochilgani ma'lum muddat amal qilinadigan aksiya ekan. Iltimos, uyimizni o‘tkazib olaylik!” deyishadi.

Bu cheklov butunlay bekor qilingani, endi istagan paytda ko‘chmas mulkni o‘z nomlariga rasmiylashtirishlari va propiskaga kirishlari bo‘yicha tushuntirishlarimiz ko‘p hollarda foyda bermayapti. Bu haqda OAVda yana bir marta eslatib o‘tilsa yaxshi bo‘lardi, – deydi Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi notariuslardan biri.

Vaziyatga izoh olish uchun Adliya vaziri matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sevara O‘rinboyeva bilan bog‘landik va quyidagi javoblarni oldik:

– Birinchidan, Prezident Farmonlari bilan 2020 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligi belgilandi.

Shunga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan ko‘chmas mulk sotib olish uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi sharti butunlay bekor bo‘lgan.

Ikkinchidan, 2020 yil 21 maydan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida birlamchi bozordan yangi qurilgan uy-joy sotib olishda shartnoma summasining 5 foizi miqdorida davlat boji to‘lash tartibi bekor bo‘ldi.

Uchinchidan, “Toshkent shahrida propiska yopilishi yoki ochilishi” masalasiga ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishning hech qanday aloqasi yo‘q.

To‘rtinchidan, bugungi kunda Respublikamiz hududida 818 nafar notariuslar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatidagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun fuqarolar respublikaning istalgan hududidagi notariusga murojaat qilishi mumkinligi, faqatgina Toshkent shahridagi notariuslar Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishi mumkin, degan fikrdan yiroq bo‘lishi lozimligi ma'lum qilinadi.

Xulosa qilishimiz mumkinki, fuqarolarning xavotirlari asossiz, cheklovlar ortga qaytmaydi va bu masalada shoshilishning hojati yo‘q.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid