Jamiyat | 16:18 / 03.06.2020
24670
10 daqiqa o‘qiladi

Andijonda pillakorlarga yetishtirilgan pilla uchun pul nega vaqtida to‘lanmayapti?

Vodiyda pilla qurti terish mavsumi davom etmoqda. Azaldan dehqonlar pillani chillaki hosil, deb atashgan. Mirishkorlar, pilladan mo‘l hosil olinsa, boshqa dehqonchiliklarga ham ijobiy ta'sir o‘tkazadi, deb hisoblashadi.

Qurt boqish – juda mashaqqatli mehnat. Pillakor bir varaq qog‘ozga sig‘adigan bir quti qurtni parvarishlab, bargdan ipak to‘qiydigan mo‘jizaga aylantirgunicha deyarli bir oy halovatidan kechadi.

Ipak qurtiga avvaliga tut bargi qirqib beriladi, asta-sekin bandi bilan, keyin esa shoxi bilan solinadi. Kecha-yu kunduz ovqat talab qiladigan ipak qurti – nozik mavjudot. U boqiladigan xona doim mo‘'tadil issiqlikda bo‘lishi, unga turli hasharotlar yaqinlashmasligi kerak.

Qurt boqilgan xona albatta ta'mirtalab holga keladi. Barg kesib kelish, uni butash, g‘onash o‘tkazib turish, tunlari bedor bo‘lib ipak qurtini boqish – bularning barchasi katta mehnat talab qiladi.

Bir vaqtlar qishloqda pilla qurti boqmagan xonadon bo‘lmas edi. Pilla terish kuni esa o‘sha xonadon to‘y tusini olgan. Bir yillik pilla mavsumidagi daromad uy qurishga yetgan, oilaning to‘y-hashamini ko‘targan.

Bugungi kungi pillakorning ahvoli qanday? Bizga kelayotgan murojaatlarga ko‘ra, yaxshi emas. Andijon va Farg‘ona viloyati tumanlaridan kelayotgan arznomalarda pillakorlar mavsum boshida avans va hosilni terib topshirganlaridan so‘ng pilla pullarini vaqtida ololmayotganidan arz qilishgan.

Andijon tumani Qo‘shchinor mahallasida yashovchi, kasanachi bo‘lib ipak qurti parvarishlagan pillakorlar topshirilgan pilla hosili pulini klaster vaqtida to‘lashmayotganini aytishdi.

Biz murojaatchilar bilan uchrashishdan oldin Andijon viloyatida pillachilikka mas'ul tashkilot –«Andijon Agro pilla» MChJga bordik.

«Kasanachilarga tarozi tepasida haq to‘lanyapti» – «Andijon Agro pilla» MChJda

«Andijon Agro pilla» rahbari Yoqubjon Rasulov, agronom Xurshidbek Yusupovlar bilan bu yilgi pilla mavsumi haqida suhbatlashdik. Ularning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil viloyatda 49 400 quti ipak qurti parvarishlanib, 2 717 tonna pilla yetishtirish ko‘zlanmoqda.

«Pilla xomashyosini yetishtirish bo‘yicha shartnoma klaster-fermer xo‘jaligi bilan klaster-kasanachi o‘rtasida tuziladi. Fermer xo‘jaliklariga yetishtirilgan pilla hosili uchun haq avgust-sentabr oylari ichida berilsa, kasanachilarga tarozi ustida naqd pul to‘lanadi», deydi jamiyat agronomi Xurshidbek Yusupov.

«Andijon Agro pilla» rahbari Yoqubjon Rasulov ham yetishtirilgan pilla xom-ashyosiga pul to‘lanish tartibi mana shunday ekanligini ta'kidladi.

Bu yil Andijonda pillakorlar bilan beshta klaster – «Andijan Silk Ko» MChJ qo‘shma korxonasi, «Andijon-Xanoy ipagi», «Harir tola», «Oltinko‘lning kumush tolasi» va «Sarfir sanoat» mas'uliyati cheklangan jamiyatlari ish olib bormoqda.

Kasanachilar arzi

Klasterning qabul qilish punktiga xom-ashyo topshirib, pulini vaqtida olmagani uchun murojaat qilgan pillakorlar bilan uchrashgani Andijon tumani Qo‘shchinor mahallasidagi Do‘ng ko‘chasida bo‘ldik. Ular  «Andijan Silk Ko» MChJ qo‘shma korxonasi bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha qurt boqishgan.

«Kasanachilarga a'zo bo‘lib, bir quti qurt boqdim. 58 kg pilla berishim kerakligini aytishgandi. Hosilim yaxshi bo‘lib, 25 may kuni 75 kilogramm pilla topshirdim. Lekin hali pulini olganim yo‘q.

«Kutib turinglar», deyishyapti. O‘tgan yili ham bir oy yugurib, hokimiyatga uchrab pulni olgan edik. O‘tgan yili karantin yo‘q edi. Bu yil karantin sharoitida boshqa yerdan tirikchilikka pul topish qilish imkoniyatimiz yo‘q.

Qurtni bir oy kunni-tunga ulab, katta qiyinchiliklar bilan tutganmiz. Qurt boqish mavsumi davomida biror marta xabar ham olishmadi.

Bilasizlar, qurt boqqan xonalar ta'mirtalab bo‘lib qoladi. Shuncha mehnatga yarasha pulni vaqtida berishsa bo‘lar edi. Har yili «Pilla pulini tarozini ustida sanaymiz», deyishadi. Biroq yana o‘sha ahvol», deydi pillakor Akmaljon Karimov.

«Biz xonadonimizda ikki quti qurt parvarish qildik. 27 may kuni 120 kg pilla xomashyosini qabul punktiga topshirganmiz. Avans sifatida har quti uchun 250 mingdan pul berilgan. Mavsumning «katta daha»sida yana pul beramiz, deyishgandi. Xabar ham olishmadi.

Pillani topshirgani borganimizda, klasterdagilar: «Pul qachon berilishidan xabarimiz yo‘q», deyishdi.

Har yili mashaqqatlar evaziga qurt tutib, pulini yalinib olamiz. Sizlarga pilla uchun pulimizni vaqtida olishga yordam so‘rab murojaat qildik», – deydi yana bir kasanachi Muhammadqodir Umrzaqov.

Andijon tuman pilla qabul qilish va qayta ishlash korxonasida nima gaplar?

Murojaatchilarimiz tomonidan «Andijan Silk Ko» qo‘shma korxonasiga pilla topshirilgan Andijon tumanidagi xom-ashyo qabul qilish punktiga bordik.

Bu yerda navbat ko‘p emas, lekin har o‘n daqiqa oralig‘ida bir pillakor hosilini olib kelib taroziga qo‘ymoqda.

Mutasaddilardan korxona agronomi va taroziboni bizning savollarimizga izoh bera olmasligini bildirishib, hisobchiga qo‘ng‘iroq qilganliklari, u tez orada kelib barcha savollarimizga to‘liq javob berishini aytishdi.

Oradan bir soat o‘tib hisobchi yetib keldi. O‘zini Sardorbek Anorboyev deya tanishtirgan hisobchidan kasanachilar nega o‘z vaqtida pilla uchun to‘lanadigan pulni ololmayotganini so‘radik. Biz korxonaga 30 may kuni bordik – murojaatchilar pilla topshirganiga besh kun to‘lgan edi.

«Pilla puli tarozi tepasida beriladi», deyilgani bilan pillaning navini aniqlamay turib bera olmaymiz, pilla laboratoriyada bir kun turishi kerak. Bir kun o‘tgach, tahlillar chiqqach pulini beramiz. Bizda doim naqd pul tayyor turadi», deydi hisobchi.

Biz muammoga yanada oydinlik kiritish uchun murojaatchilarning pilla xom-ashyosi topshirganliklari haqidagi «Qabul hujjati» kvitansiyasi va korxonaning  qabul qilish daftarini solishtira boshladik.

Haqiqatan ham murojaatchimiz Akmaljon Karimovning 25 may kuni 75,5 kg pilla topshirgani va boshqalarning ham pilla topshirgani svodka daftarida qayd qilingan ekan. Hisobchi mazkur daftarni suratga olishga ruxsat bermadi.

Hisobchiga: «Shuncha kun o‘tibdi. Nega kasanachilarning pulini bermadingiz?» degan savol bilan murojaat qildik. U: «So‘rab kelishmadi. Kelishsa pul berardim», deya javob berdi.

Hisobchiga uning gaplarini diktofonga yozib olayotganimiz haqida ogohlantirib yana savollar berdik.

– Bizga murojaat qilgan kasanachilarning pillasi laboratoriya tahliliga ko‘ra nechanchi navga o‘tdi va ular qanchadan pul oladigan bo‘ldi? Ana shu hujjatlarni ko‘rsatsangiz...

– Bu ma'lumotlar kompyuterda bazada turadi. Hozir ko‘rsata olmayman. Chunki kompyuter uyimda. Olib kelishim kerak.

– Kasanachilarning soni nechta va ularga pullarni vaqtida beryapsizlarmi?

– 1200 nafar kasanachi bor. 60 foiziga topshirilgan pilla uchun pullarini berib bo‘ldik.

– Kasanachilarga berilgan pullar haqidagi to‘lov ma'lumotnomasi (vedomost)ni ko‘rsak bo‘ladimi?

– «Vedomost»lar bu yerda emas, uyimda turadi. Hozir ko‘rsata olmayman. Uch-to‘rt soatlarda kelsanglar, uyimdan olib kelib tanishtiraman.

Qisqasi, hisobchidan pillakorlarga nega pul to‘lanmayotgani haqida aniq javob olib bo‘lmadi.

Qarangki, ishxonaning bazaga ulangan kompyuteri va kasanachilarga pilla puli to‘langani haqidagi vedomostlar hisobchining uyida turar ekan. Ishonib bo‘lmaydigan bahonalar.

Bugun 3 iyun kuni Muhammadqodir Umrzaqov va Akmaljon Karimov yana o‘z haqqini so‘rab borgan. Bu safar ham ularning dodiga hech kim quloq solmabdi.

Pillaga haq to‘lashdagi muammolar bo‘yicha Andijonning Asaka va Oltinko‘l tumanlaridan ham murojaatlar tushgan. Oltinko‘l tumanidan 25 may kuni murojaat qilgan kasanachilar Ravshan Ahmedov va Valijon Vohidovlarning muammosi ham topshirgan pillasiga pul to‘lanmayotganida edi. «Andijon Agro pilla» MChJga borib rahbarlarni holatdan xabardor qilganimizdan so‘ng muammo hal bo‘lgan.

Farg‘ona viloyati, Furqat tumani Shoyimbek mahallasida ipak kurti boqqan 10 nafar fuqaro ham qurt boqib mehnat haqidan norozi bo‘lganlari haqida murojaat qilishgan. Bu haqda keyingi maqolamizda batafsil gaplashamiz.

O‘zbekistonda pillachilik, uning bugungi kuni, muammolari chuqur tahlilga-munozaralarga muhtoj. Biz mazkur maqolamiz orqali sohaning ko‘rinib turgan kamchiliklariga to‘xtaldik, xolos. Chunki muammolarni o‘rganish davomida pillaga haq to‘lash tartibi, korxona va pillakor o‘rtasidagi munosabatlar, xomashyo yetkazib beruvchi va xaridor o‘rtasidagi shartnoma shartlari haqida ma'lumot to‘plashning iloji bo‘lmadi.

Mavzuga yana qaytamiz.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz`ning vodiy viloyatlaridagi muxbiri

Mavzuga oid