AQShdagi norozilik namoyishlari: kecha va bugun
AQShda rasmiy bayram sifatida nishonlanadigan Xotira kuni (Memorial Day)da, Minnesota shtatining Minneapolis shahrida hibsga olish jarayoni afroamerikalik fuqaroning o‘limi bilan yakunlangani irqchilik muammosi mamlakat tarixiga naqadar chuqur kirib borganini ko‘rsatib qo‘ydi.
Irqchilikning asab torlari uzildi
20 AQSh dollari miqdoridagi firibgarlik operatsiyasi tufayli hibsga olingan 46 yoshli Jorj Floyd oq tanli politsiyachining tizzasi ostida qayta-qayta «Men nafas ololmayapman!» deb yolvorganiga qaramay, vafot etdi. Eng yomoni, ushbu ayanchli voqeani boshqa politsiyachilar tomoshabin bo‘lib kuzatib turishgan. 8 daqiqa 46 soniya davom etgan ushbu og‘riqli jarayon «Transatlantik qul savdosi» va irqchilik muammosi bilan boshlangan afrikalik qora tanlilarning ko‘p asrlik fojiaviy dramasini qayta sahnaga olib chiqdi. Yo‘lovchilar tomonidan telefon kamerasiga muhrlangan tasvirlar olti yil oldin Nyu-Yorkda Erik Garner bilan sodir bo‘lgan voqeani ham esga solib yubordi.
Ta'kidlash joizki, keyingi hodisa AQSh korporativ va ijtimoiy tuzilmalaridagi surunkali irqchilikning asab torlarini tamoman uzib yubordi. Butun mamlakat bo‘ylab namoyishlar boshlanib ketdi.
«Men nafas ololmayapman» – qora tanlilarning faryodiga aylandi
2014 yil iyul oyida Staten orolida 6 farzandning otasi, 43 yoshdagi qora tanli Garner Nyu-York politsiyasi tomonidan ko‘chada noqonuniy sigaret sotayotgani sababli hibsga olingandi. O‘shanda u ham «Nafas ololmayapman» deb yolvorganiga qaramay, bo‘g‘ishda davom etilgan, natijada kasalxonaga yetib bormay vafot etgandi.
Garner voqeasi birinchisi ham, oxirgisi ham emasdi. Ushbu voqeadan ko‘p vaqt o‘tmay, Missurining Fergyuson shahrida 18 yoshli qora tanli Maykl Braun politsiya tomonidan o‘ldirilishi, 2015 yilda Baltimorda hibsga olingan 25 yoshli Freddi Greyning komada o‘lim topishi kabi bir qator voqealar mamlakat bo‘ylab «Qora tanlilarning hayoti qadrli» (BlackLivesMatter) harakatiga yo‘l ochgan, bir necha kun davomida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi.
Garnerning «Men nafas ololmayapman» degan so‘nggi so‘zlari esa politsiya zo‘ravonligiga qarshi namoyishlarda qora tanlilarning ramziy shiorlaridan biriga aylanadi. Shu bilan birga, ushbu shior Amerika tarixidagi jirkanch zulm va adolatsizlikni umumlashtiruvchi ibora sifatida esda qoldi.
Namoyishlar va Covid-19 epidemiyasi
Tramp ma'muriyati va Amerika jamoatchiligi 3 oydan beri davom etayotgan koronavirus epidemiyasini yengib o‘tish umidida mamlakat iqtisodiyotini ochib, endi nafas olishga chog‘lanib turgan bir paytda Floydning o‘limi ulkan norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Eski, ammo yakunlanmagan dahshatli filmning Minneapolisda takrorlanishi, ayniqsa, Floydning o‘lim oldidan aytgan o‘sha tanish so‘zlari «kapalak effekti»ni yuzaga keltirdi.
Floydning o‘limi ijtimoiy tartibsizliklarni keltirib chiqarmasligi uchun Minneapolis amaldorlari tezkor ravishda – voqeadan so‘ng 24 soat vaqt o‘tib ulgurmay, 4 nafar politsiyachini ishdan bo‘shatishdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp ham o‘zining birinchi bayonotida Floydning o‘limidan «juda xafa bo‘lgani»ni aytib, hamdardlik bildirdi. Garchi, uning irqchilik masalasidagi gaplari unchalik muvaffaqiyatli chiqmagan bo‘lsa-da, u rasmiylarga voqeani iloji boricha tezroq tekshirishni buyurganini aytdi. Trampning ushbu reaksiyasini Floyd voqeasiga nisbatan insonparvarlik nuqtayi nazaridan yondashish, qolaversa, yaqinlashib kelayotgan prezident saylovlari arafasida Covid-19 epidemiyasi sabab pastga qarab sho‘ng‘ib ketayotgan «ishonch chizig‘i»ni tiklashga qaratilgan harakat sifatida ham baholash mumkin.
«Vahshiy itlar» iborasining ildizi qayerga borib taqaladi?
Ammo namoyishlarda zo‘ravonlik va vandalizm kuchayib borishi natijasida Tramp o‘z nutq yo‘nalishini tezda o‘zgartirdi. U o‘zidan «qattiqqo‘l prezident» qiyofasini yaratish uchun va ehtimol, respublikachilarning ovoz berish bazasini qondirish uchun tvitterdagi sahifasida «Agar talonchilik boshlansa, otishma ham boshlanadi» deb tahdid qildi. Namoyishchilarga nisbatan esa «vahshiy itlar» (vicious dogs) degan iborani ishlatdi. Tramp ushbu ifodalarni atay qo‘lladimi yoki bu so‘zlar uning ong ostidan sizib chiqib yangradimi, bunisi noma'lum. Biroq uning bu gaplari keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi va qora tanlilar xotirasidagi tarixiy voqealarni qayta jonlantirib, noroziliklarni yanada kuchaytirib yubordi.
Chunki «vahshiy itlar» iborasi qamchi bilan savalab, ekspluatatsiya qilingan, oxir-oqibat, azoblarga chiday olmay, janubdagi paxta dalalaridan shimolga qochmoqchi bo‘lgan qullarga, shuningdek, 60-yillarda fuqarolik huquqlari uchun kurashgan qora tanlilarga nisbatan ularning oq tanli xo‘jayinlari va politsiyachilar tomonidan ishlatilgandi.
Irqchilik muammosi: Tramp, Obama, Jo Bayden
Albatta, ushbu voqealardan so‘ng namoyish o‘tkazilayotgan hudud ma'murlari tomonidan xavfsizlikni ta'minlash uchun milliy qo‘riqlash bo‘linmalaridan yordam so‘rash va tunda komendantlik soati joriy etishdan boshqa yana qanday ish qilinadi – bu hozircha so‘roq ostida. Ammo Trampning shtat gubernatorlarini namoyishchilarga qarshi «zaiflik qilish»da ayblagani, qonun va tartibni ta'minlash uchun armiya kuchidan foydalanish kerakligini uqtirgani, qolaversa, bu jarayonda diniy murojaatlarga suyanib, Oq uy qarshisidagi avliyo Ioann muqaddas cherkovi oldida qo‘lda Injil bilan paydo bo‘lgani mamlakatdagi siyosiy tafriqani yanada kuchaytirib yubordi.
Biroq so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatning turli qismlaridagi politsiya kuchlari va namoyishchilar o‘rtasidagi birdamlik tasvirlari aks etgan suratlar, videolar tarqalmoqda. Politsiya namoyishchilardan «Siz haqsiz» degan ma'noda tiz cho‘kib uzr so‘rab, vaziyatni yumshatishga harakat qilmoqda. Ammo namoyishchilar orasida siyosiy ongni targ‘ib qiluvchilar o‘z g‘azablarining saylov qutilarida ham aks etishi kerakligini iddao qilmoqdalar.
Ammo qiziq tomoni shundaki, «Qora tanlilarning hayoti qadrli» harakati Trampdan avval mamlakatni ikki muddat davomida boshqargan AQShning birinchi qora tanli prezidenti Barak Obama davrida boshlangandi. Aytish lozimki, Oq uyga «O‘zgarish» shiori bilan kirib kelgan Obama Martin, Garner, Braun va Grey kabi irqchilik qurbonlari bilan bog‘liq ko‘plab hodisalarga qarshi tayinli bir o‘zgarish qila olmadi. Noyabr oyidagi prezidentlik saylovlarida Trampning yagona raqibi sifatida ko‘rilayotgan demokrat nomzod – Obamaning har ikki prezidentlik muddatlarida vitse-prezidentlik lavozimida bo‘lgan Jo Bayden ham noroziliklar masalasida yuziga niqob taqqan holda bir nechta qora tanlilar bilan selfi qilishdan boshqa biror samarali ish qilmadi.
Irqchilik barham topmaydi, agar...
Ayni paytda AQShda irqchilikka qarshi jiddiy islohot o‘tkazilishini kutish qiyin masala. Chunki namoyishlarda ishtirok etayotgan guruhlarning aksariyati kam daromadli yoki ishsiz yoshlardan iborat. Bu ham o‘z navbatida noroziliklar natijasida uzil-kesil yechimlar ishlab chiqish imkoniyatini kamaytirmoqda. Qolaversa, dunyoning ko‘p joylarida bo‘lgani kabi Floyd namoyishlari ham «usul va maqsad» nuqtayi nazaridan o‘zida ba'zi qarama-qarshiliklarni aks ettiradi. Bunday namoyishlar o‘z maqsadlariga erishishi uchun jamiyatning ko‘p qismini qamrab oluvchi tinch va uzoq muddatli yo‘lni bosib o‘tishi kerak.
Hozirda noroziliklar zo‘ravonlik, politsiya bilan to‘qnashuv, vandalizm kabi adrenalinni keltirib chiqaradigan sabablar bilan garchi kun tartibidagi asosiy masala bo‘lib turgan bo‘lsa-da, namoyishlar orqali huquq talab qilish teskari oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu esa siyosatda Trampning qo‘lini yanada baland qiladi va jamiyatda qarshi reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Shunga asoslangan holda aytish mumkinki, Floyd namoyishlari uzoq muddatli siyosiy yechim bilan yakun topmaydi, aksincha, Trampning ikkinchi bor Oq uyga yo‘l olishini yanada osonlashtiradi.
Ammo shu narsa aniqki, agar Amerika tizimida va undan kelib chiquvchi ijtimoiy tuzumda tub islohotlar amalga oshirilmasa, irqchilik bilan bog‘liq muammolar davom etaveradi.
Mavzuga oid
12:30 / 23.10.2024
Minnesota universitetida Falastin tarafdorlari aksiyasi ishtirokchilari ushlandi
19:39 / 10.12.2022
Floydning o‘limida aybdor politsiyachiga hukm o‘qildi
09:05 / 28.07.2022
Jorj Floyd ishi: AQShda ikki sobiq politsiyachi 3 va 3,5 yilga qamaldi
17:12 / 07.02.2022