2026 yil 24 yanvar kuni AQSh federal immigratsiya xizmatlari (ICE hamda chegara patruli) xodimlari Minneapolisda bir kishini otib tashladi. O‘ldirilgan shaxs mahalliy fuqaro, 37 yoshli Aleks Pretti bo‘lib chiqdi. U faxriylar uchun shifoxonaning intensiv terapiya bo‘limida medbrat bo‘lib ishlagan. AQSh ichki xavfsizlik vazirligi rasmiy bayonotida aytilishicha, Pretti federal agentlarga to‘pponcha bilan tahdid qilgan va «huquq-tartibot organlari xodimlarini yoppasiga o‘ldirmoqchi» bo‘lgan. O‘ldirilgan shaxsning yonida chindan ham qurol bor edi, ammo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va jurnalistlar voqea aks etgan videoyozuvlarni o‘rgangan holda mojaro vaqtida uning qo‘lida faqat telefon bo‘lganini aytishmoqda.

Voqea qanday kechgan?

2026 yil 24 yanvar kuni, mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 9:05 da Minnesota shtati Minneapolis shahri janubidagi Nikolet-avenyu atrofida AQSh federal immigratsiya xizmatlari xodimlari bir kishini otib tashladi.

AQSh ichki xavfsizlik vazirligi tomonidan X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, «zo‘ravonlik holati uchun qidiruvda bo‘lgan noqonuniy immigrant»ni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyot chog‘ida huquq-tartibot organlari xodimlari oldiga o‘qotar qurolga ega bo‘lgan shaxs yaqinlashgan. Uni qurolsizlantirishga harakat qilishgani, ammo u «qattiq qarshilik ko‘rsatgani», agentlardan biri «o‘zini mudofaa qilish» maqsadida unga qarata bir necha bor o‘q uzgach, ushbu shaxs voqea joyida vafot etgani ma’lum qilingan.

Ichki xavfsizlik vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Aleks Prettiga tegishli bo‘lgan o‘qotar qurol suratini e’lon qildi.
US Department of Homeland Security

Ushbu tvitga o‘ldirilgan shaxsning yonidan chiqqan to‘pponcha fotosi ilova qilingan. Shuningdek, ushbu shaxs go‘yoki agentlarga zarar yetkazish maqsadida bo‘lgani qay etilgan.

«Shuningdek, gumonlanuvchining yonida ikkita o‘q-dori magazini bo‘lgan va uning shaxsiy guvohnomasi bo‘lmagan – aftidan, bu odam maksimal darajada zarar yetkazmoqchi va huquq-tartibot idoralari xodimlarini yoppasiga o‘ldirmoqchi bo‘lgan», – deyiladi bayonotda.

Keyinroq Minneapolis politsiyasi boshlig‘i Brayan OʼHara o‘ldirilgan shaxs – mahalliy aholi vakili, 37 yoshli Aleks Pretti bo‘lganini ma’lum qildi. U ushbu shaxs «qurolning qonuniy egasi» ekani va uni olib yurish uchun ruxsatnomasi borligini tasdiqlagan.