Jahon | 09:22 / 13.02.2026
1389
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp ma’muriyati: Minnesotadagi reydlar yakunlandi

Minnesota shtatidagi noqonuniy migrantlarga qarshi ICE operatsiyasi tugadi, deb e’lon qildi chegara nazorati bo‘yicha koordinator Tom Xoman, “erishilgan yutuqlar”ni qayd etgan holda. Bundan oldin Minneapolis ICE va Trampga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bilan qamrab olingan edi.

Foto: picture alliance

Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) AQShning Minnesota shtatida noqonuniy migrantlarga qarshi operatsiyasini qisqartirmoqda, deb xabar qildi payshanba, 12 fevral kuni Oq uyning chegara nazorati bo‘yicha koordinatori Tom Xoman. Uning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp “erishilgan yutuqlar”ni inobatga olgan holda shtatdan federal agentlarni chiqarish haqidagi uning taklifiga rozi bo‘lgan.

Matbuot anjumanida Xoman Metro Surge operatsiyasi davomida “ko‘p jinoyatchilar” hibsga olinganini, endi Minnesota ular uchun “kamroq qulay” bo‘lishini bildirdi. Avvalroq Oq uy federal kuchlar Minnesotada taxminan 4 ming nafar “jinoyatchi — noqonuniy migrant”ni qo‘lga olganini, ular orasida “qotillar, zo‘ravonlar, banda a’zolari” borligini ma’lum qilgan edi.

Shu bilan birga, Xoman operatsiya davomida ICE agentlari hech kimni kasalxonalarda, boshlang‘ich maktablarda yoki cherkovlarda qo‘lga olmaganini ta’kidladi. “Biroq bu joylar istisno qilinmaydi”, — deb qo‘shimcha qildi mansabdor. U federal kuchlar Minnesotadan “mamlakat bo‘ylab boshqa joylarga” qayta yo‘naltirilishini aytib, bu “prezidentning chegaralar xavfsizligini ta’minlash va ommaviy deportatsiyalar o‘tkazish bo‘yicha vazifalarini bajarish” uchun qilinishiga urg‘u berdi.

Yanvar oyida Minneapolis shahri ICE va Trampning migratsiya siyosatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bilan qamrab olingan edi. Shahar aholisining noroziligiga ICE agentlari ikki nafar AQSh fuqarosini — 37 yoshli tibbiy xodim Aleks Prettini va 37 yoshli Rene Gudni o‘ldirgani sabab bo‘lgan.

Minnesota gubernatori Tim Uols ICE operatsiyasiga qarshi bir necha bor chiqish qilgan va uning maqsadga muvofiqligiga shubha bildirgan. Ushbu operatsiyaning salbiy oqibatlari haqida gapirar ekan, Uols iqtisodiy zarar, federal hokimiyatga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishi va ko‘plab odamlar, jumladan bolalar uchun ham ruhiy og‘ir tajriba bo‘lganini tilga oldi.

“Bizda shunday bolalar borki, ular uchun sinfdoshining olib ketilgani haqiqati eng asosiy xotiraga aylanadi va bu butun umri davomida ular bilan qoladi”, — dedi Uols.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid