Jahon | 19:45 / 07.06.2020
27062
4 daqiqa o‘qiladi

Floydning o‘limi: AQShga yangi politsiya tizimi kerakmi?

An'anaviy politsiya kuchlari diqqat markazida bo‘lib turgan AQShda eski tizimni tugatish orqali zo‘ravonliklarning oldini oladigan, jamoatchilik asosida xizmat ko‘rsatadigan va jamoat xavfsizligini ta'minlovchi yangi tizimni yaratish bo‘yicha muhokamalar boshlanib ketdi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Namoyishlari boshlanganiga 12 kun bo‘ldi, ammo…

Afroamerikalik Jorj Floyd politsiya zo‘ravonligi tufayli vafot etganidan so‘ng Amerikada boshlangan noroziliklar butun mamlakat bo‘ylab tarqalib, politsiyaning moliyaviy resurslarini qisqartirish va hatto tugatish haqidagi munozaralarni kun tartibiga olib chiqdi.

Noroziliklar boshlanganiga qariyb 2 hafta bo‘ldi. Ammo tinch namoyishlar paytida ham kameralarga politsiya zo‘ravonligi tez-tez tushib qolayotgani jamoatchilikning politsiyaga nisbatan g‘azabini yanada kuchaytirmoqda.

Xususan, Floydning o‘ldirilishi ortidan davom etayotgan namoyishchilarga shafqatsiz munosabatda bo‘linishi, ayniqsa, Nyu-Yorkning Buffalo shahrida ikki nafar politsiya xodimi 75 yoshli faolni itarib yiqitgani va uning yaralanishiga sabab bo‘lgani politsiya bo‘limlarining nechog‘lik kerakligi xususidagi masalani o‘rtaga chiqardi.

Bahslar mundarijasida nimalar bor?

Namoyishchilarning politsiya zo‘ravonligiga qarshi islohotlarni talab qilishlari mundarijasida politsiya idoralarini qisqartirish va hatto butunlay tugatish haqidagi munozaralar ham bor.

Bugungi kunda AQShda politsiyachilar, birinchi navbatda, uysizlik, giyohvandlik va ruhiy kasallik kabi muammolar bilan shug‘ullanmoqda. Shu bois ayrimlar bunday ijtimoiy muammolar uchun ajratilgan budjetni politsiyaga emas, ijtimoiy xizmatlarga o‘tkazish mumkinligini ta'kidlamoqda.

Kim qanday islohot tarafdori?

Politsiyani isloh qilish yo‘lidagi ilk chaqiriqlar Floyd vafot etgan Minnesota shtatidagi Minneapolis shahrida yangradi. Shundan so‘ng Minneapolis ma'muriyati «hibsga olish paytida politsiya tomonidan gumonlanuvchining bo‘ynidan siqish amaliyotini taqiqlash» to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Minneapolis shahar kengashining ba'zi a'zolari «politsiya bo‘limini tugatish orqali jamoat xavfsizligini ta'minlovchi» yangi modelni taklif qilishmoqda.

Minnesota shtati Demokratik vakillar palatasi a'zosi Ilhan Umar ham politsiya bo‘limini tugatish haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Minneapolis meri Jyeykob Frey esa politsiyani butunlay yo‘q qilish haqidagi fiklarni yoqlamayapti. Shu bilan birga, islohotlar tarafdori ekanligini ta'kidlayapti.

6 iyun kuni Minneapolisda bo‘lib o‘tgan namoyishning minglab ishtirokchilari esa «politsiya tizimining moliya bo‘limini tugatish» kerakligiga urg‘u berdi.

Tramp qanday fikrda?

Los-Anjyeles meri Erik Garetti politsiya bo‘limiga ajratilgan budjetdan 150 million dollar qisqartirilishini ma'lum qildi. Sietl politsiya boshqarmasi esa ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanishni 30 kunga taqiqlab qo‘ydi.

Nyu-Yorkda politsiya bo‘limining 6 milliard dollarlik budjetidan uysizlarga, ijarada turuvchilarga yordam berilishi, mablag‘lar, shuningdek, yoshlarga oid dasturlarga yo‘naltirilishi, politsiyachilar soni esa asta-sekin kamaytirilishi aytilmoqda.

Ayni paytda, masalaning boshqa tomoni, ya'ni politsiyaga ajratilgan budjetni qisqartirish va xodimlar sonini kamaytirish jinoyatchilik darajasining oshishiga sabab bo‘ladimi yoki yo‘qmi, degan savol ham qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Namoyishchilarga qarshi yanada keskin choralar ko‘rishi kerakligi haqida bayonot bergan Donald Tramp esa huquqni muhofaza qilish xodimlariga yanada ko‘proq budjet ajratish kerak, degan fikrda.

Namoyishlar qachongacha davom etadi?

Ta'kidlash joizki, toki Tramp Floydning o‘limiga va o‘tkazilayotgan namoyishlarga nisbatan o‘z tanqidiy munosabatini o‘zgartirmaguncha, shuningdek, namoyishlarni politsiya va milliy gvardiya kuchidan foydalangan holda bostirish fikridan voz kechmaguncha noroziliklar davom etishi kutilmoqda.

Mavzuga oid