O‘zbekiston | 18:33 / 10.06.2020
11361
2 daqiqa o‘qiladi

Serjantlar uchta razryadga bo‘linishi kutilmoqda

Bugun, 10 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘mitada dastlab «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonunga asosan, «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Unga ko‘ra, endilikda serjant unvoni uch razryadga bo‘linishi kutilmoqda.

Chunki, ta'kidlanishicha, amaldagi unvonlar ichida serjant unvonida harbiy xizmatchilar ishtiyoqi inobatga olinmagan. Kelgusida esa serjantlarning turli razryadlarga bo‘linishi natijasida eng yaxshi xizmat qilgan serjantlarning unvoni oshirib borilaveradi. Kichik ofitserlar o‘zining harbiy xizmatdagi ko‘tarilib borish mexanizmiga ko‘ra, masalan birinchi darajadagi serjant uchinchi darajani olishga harakat qiladi. Bu o‘z navbatida sadoqat, vatanparvarlik va shaxsiy manfaatdorlikni kuchaytiradi.

Ayni paytda bu loyiha «Adolat» SDP va «Milliy tiklanish» DP fraksiyalarida muhokamadan o‘tkazilmoqda.

Tegishli qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasiga mosligi tekshirilib, navbatdagi yalpi yig‘ilishga olib chiqilishi rejalashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartibga muvofiq, serjantlar tarkibi kichik serjant, serjant va katta serjantga ajratiladi. Yuqoridagi qonun amalga kiritilgan taqdirda serjantlar tarkibidagi unvonlar soni uchtadan beshtaga oshadi.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid