Jahon | 00:55 / 14.06.2020
5065
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina xorijliklarning mamlakatga kirishiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi

Mamlakatga keladigan xorij fuqarolari Ukrainada davolanish xarajatlarini qoplaydigan sug‘urta polisiga ega bo‘lishlari lozim.

Foto: Facebook/Derjavna prikordonna slujba Ukrayini

Ukraina koronavirus pandemiyasi sababli mart oyida xorijliklarning mamlakatga kirishiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Hukumat bu borada qaror qabul qildi, deb xabar berdi Ukraina davlat chegara xizmati. 

Endilikda qonuniy asosga ega bo‘lgan xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sanitariya-epidemiologiya me'yorlariga amal qilgan holda Ukrainaga kelishlari mumkin.

Bundan tashqari, mamlakatga keladigan xorij fuqarolari Ukrainada davolanish xarajatlarini qoplaydigan sug‘urta polisiga ega bo‘lishlari lozim. Bunda "koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish keng tarqalgan mamlakatlar"dan kelganlar tibbiy kuzatuvga joylashtiriladi. Ushbu mamlakatlarning fuqarolari oxirgi 14 kun davomida o‘z vatanlarida bo‘lmagan bo‘lsa bu qoida ularga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, xalqaro missiyalar xodimlari, Ukrainada akkreditatsiyadan o‘tgan tashkilotlar a'zolari hamda ularning oila a'zolari, xalqaro yuk transporti boshqaruvchilari ham tibbiy kuzatuvga joylashtirilmaydi.

Ma'lum qilinishicha, har 100 ming kishiga 40dan ortiq kasallanish holati to‘g‘ri keladigan davlatlar "koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish keng tarqalgan mamlakatlar" hisoblanadi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi har uch kunda Ukraina davlat chegara xizmatiga tegishli ro‘yxatni taqdim etadi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Ukraina virus bilan kasallanish bo‘yicha 30,5 mingta holat qayd etilgan, 880 nafar bemor vafot etgan. O‘tgan sutkada mamlakatda antirekord qayd etildi – 753ta yangi kasallanish holati aniqlandi.

Mavzuga oid