O‘zbekiston | 08:12 / 20.06.2020
6373
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada Ai-92 benzini ishlab chiqariladi

2023 yil 1-iyuldan boshlab, “Yevro-5” toifasiga mansub, ekologik talablarga javob beradigan AI-92 benzini va dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarishga kirishish rejalashtirilgan.

“Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ 2020 yilning 7 martida “Jizzakh Petroleum” MChJ QKning ishonchli boshqaruviga o‘tib, modernizatsiyalash bo‘yicha tasdiqlangan loyihaga muvofiq umumiy budjeti 300 million dollarga baholanadigan, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarni rekonstruksiya qilish va yangi quvvatlarni barpo etishga kirishdi. 

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 fevraldagi 67-sonli “Farg‘ona NQIZ” MChJ quvvatlaridan samarali foydalanish va zavodni modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, quyidagi ustuvor vazifalar belgilangan:

2023 yil 1-iyuldan boshlab, zamonaviy, “Yevro-5” toifasiga mansub ekologik talablarga javob beradigan AI-92 benzini va dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarishga kirishish; 

xalqaro standartlarga mos bo‘lgan asos va motor moylarini ishlab chiqarish uchun zavodning moy ishlab chiqarish blokini modernizatsiya qilish.

Korxonada 2020-2023 yillari davomida loyihalash, jihoz va materiallarni xarid qilish, xamda yuqori konsentratsiyali vodorod ishlab chiqarish, yengil nafta izomerizatsiyasi, vakuum distillyatlari gidrokrekingi kabi yangi qurilmalarni qurish, sozlash va ishga tushirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, modernizatsiya dasturi doirasida mavjud bo‘lgan dizel yoqilg‘isini gidrodesulfurizatsiyalash qurilmasi, nafta-bloki qurilmalari, zamonaviy asos va motor moylari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun moy ishlab chiqarish bloki xamda suv va bug‘ ta'minoti tizimlarida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, mavjud katalitik tizimlari zamonaviylariga almashtiriladi.

Neftni chuqur qayta ishlash texnologiyalariga ega bunday zavodlarning aksariyatida gidrokreking jarayonining mavjudligi muhim ahamiyatga ega. Neftni qayta ishlashni chuqurlashtirish bilan birga, gidrokreking jarayoni korxonalar texnologik sxemasining moslashuvchanligiga ta'sir ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarilayotgan tovar mahsuloti sifatini oshiruvchi asosiy jarayon hisoblanib, xomashyoni qayta ishlash va mahsulot ishlab chiqarishda yangi darajaga erishishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid