O‘zbekiston | 08:42 / 25.06.2020
3757
4 daqiqa o‘qiladi

O‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi.

Prezidentning “O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Quyidagilar o‘simliklar karantini sohasini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha vazifalari etib belgilanadi:

mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini jahon bozorlariga kirib borishida hamda ularning eksport qilish hajmlarini oshirishga yo‘naltirilgan samarali fitosanitariya sertifikatlashtirish tizimini kuchaytirish;

o‘simliklar karantini tizimini Konvensiya talablari va xorijiy tajriba asosida takomillashtirish;

o‘simliklar karantini sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini ta'minlash;

sohada ta'lim va ilmiy salohiyatni mustahkamlash hamda innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish;

o‘simliklar karantini tizimi infratuzilmasini yaxshilash, sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish;

davlat-xususiy sherikchiligini yanada rivojlantirish asosida meva-sabzavot eksporti uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi Konvensiya qoidalaridan kelib chiqadigan O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda majburiyatlarni samarali amalga oshirishda mas'ul vakolatli organ etib belgilanadi.

O‘simliklar va o‘simlik mahsulotlarini karantindagi zararli organizmlardan himoya qilish sohasida ilmiy-tadqiqot va izlanishlar ko‘lamini kengaytirish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini ta'minlash maqsadida O‘simliklar karantini ilmiy markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi huzuridagi O‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi va uning vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlar o‘choqlarini yo‘q qilish va ulardan holi bo‘lgan hududlarni belgilash va qarshi-kurash dasturlarini ishlab chiqish;

o‘simliklar karantini obektlari ustidan monitoring va ular tarqalishini prognoz qilish bo‘yicha ilmiy ishlar olib borish;

respublika hududida katta iqtisodiy zarar keltirishi mumkin bo‘lgan zararli organizmlarni fitosanitar xavf tahlilini o‘tkazish va ularning kirib kelishini oldini olishga qaratilgan fitosanitar choralar ishlab chiqish;

zararli organizmlarni aniqlash va ularning diagnostikasini ekspress-usullarini ishlab chiqish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zararsizlantirishning yangi innovatsion usullarini ishlab chiqish hamda zararli organizmlarga ta'sir etish mexanizmlari va samarasini ilmiy asosda o‘rganish.

Institut ilmiy xodimlarining mehnatiga haq to‘lash shartlari budjet mablag‘lari hisobiga ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “O‘zagrokimyohimoya” AJ va Toshkent viloyati hokimligining Institutni joylashtirish uchun “O‘zagrokimyohimoya” AJ huzuridagi “O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Toshkent viloyati, Qibray tumani, Limonariya a/b, Bobur ko‘chasi, 4-uy manzilida joylashgan 2 qavatli binosini “O‘zagrokimyohimoya” AJ balansiga olgan holda baholangan qiymatda jamiyatning budjet oldidagi mavjud va kelajakda shakllanadigan qarzdorliklarini qisqartirish hisobiga olish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid