Iqtisodiyot | 17:05 / 30.06.2020
14887
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston so‘mda yevrobondlar chiqarishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston hukumati bu yil 500 million dollar ekvivalentidagi milliy valutada yevroobligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg’ga bergan intervyusida moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isoqov ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi tufayli O‘zbekistonning qarzga ehtiyoji ortadi. Qarzlar bozoriga kirish to‘g‘risida qaror bozor va yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha budjet taqchilligiga bog‘liq bo‘ladi.

500 million dollarga ekvivalent bo‘lgan yevrobondlar bu yil va kelasi yili ham xuddi shunday hajmda joylashtirilishi mumkin, dedi Isoqov. Bu budjet ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Shuningdek, Isoqovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston kelgusi yilda qayta tiklanadigan energiya loyihalarini moliyalashtirish uchun birinchi islomiy obligatsiyalarni chiqarishi mumkin.

Uning ta'kidlashicha, 10 yil ichida davlat qarzi so‘mdagi ulushini 11,5 foizdan 50 foizgacha oshirish «katta narsa, ammo bunga erishish mumkin».

2019 yilda O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta umumiy qiymati 1 milliard dollarga teng bo‘lgan ikkita yevrobondlar transhini joylashtirdi. Qarz obligatsiyalarining to‘lov muddati 2024 va 2029 yil fevral oylariga belgilangan. 

O‘z navbatida, Moliya vazirligi axborot xizmatining Kun.uz’ga aniqlik kiritishicha, bu yerda asosiy urg‘u ichki bozorga qaratilgan. 

«2020 yilda 500 mln dollar ekvivalentida - milliy valuta - so‘mda obligatsiyalar chiqarilishi ichki bozorda nazarda tutilgan. 2021 yilda ham shunday. 2030 yilgacha qarz portfelida so‘mdagi qarz ulushini 50 foizgacha oshirish nazarda tutilgan. Tashqi bozorda Yevrobond joylashtirish rejalashtirilmagan», - deyiladi vazirlik izohida.

Mavzuga oid