O‘zbekiston | 21:50 / 15.07.2020
21648
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari agentligi xodimi koronavirusdan vafot etgani ma'lum qilindi

Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasining mas'ul xodimi koronavirusdan vafot etgan. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

15 iyul kuni Navoiy viloyati boshqarmasining mas'ul xodimi Adhamjon Dehqonov 61 yoshda vafot etdi. Agentlik direktorining matbuot kotibi Sevara Zokirovaning Kun.uz muxbiriga xabar berishicha, bu agentlik tizimida koronavirus bilan bog‘liq ilk o‘lim holatidir.

«Davlat xizmatlari agentligi jamoasi marhumning qarindosh va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi», – deyiladi agentlik axborot xizmati e'lon qilgan ta'ziyanomada.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kun davomida e'lon qilib borilayotgan ma'lumotlarda mazkur o‘lim holati hozircha qayd etilmagan

Kun.uz 15 iyul kuni o‘z manbasiga tayangan holda so‘nggi ikki kunda ikki nafar ichki ishlar organi xodimi koronavirus tufayli vafot etgani, bu pandemiya boshlangandan beri koronavirus sababli ro‘y bergan uchinchi o‘lim holati ekani haqida xabar bergan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlarida ichki ishlar xodimlarining koronavirusdan vafot etgani qayd etilmagan. 

Ma'lumot uchun, 15 iyul soat 21:30 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida 69 kishi vafot etgan. SSV va uning huzuridagi shtab vakillari O‘zbekistonda koronavirusdan o‘lim holatlari bo‘yicha ma'lumotlar yashirilmayotganini, bundan manfaat yo‘qligini muntazam ta'kidlab kelmoqda.

Mavzuga oid