O‘zbekiston | 12:52 / 17.07.2020
61625
2 daqiqa o‘qiladi

Amrillo Inoyatov prezident maslahatchisiga o‘rinbosar bo‘ldi

Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Amrillo Inoyatov prezidentning yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Foto: BDTI rasmiy sayti

Kun.uz manbasi xabar qilishicha, prezidentning 2020 yil 16 iyuldagi 6028-sonli farmoniga binoan, Amrillo Shodiyevich Inoyatov O‘zbekiston Respublikasi prezidentining yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Amrillo Inoyatov 2001 yilda Buxoro davlat tibbiyot institutini tamomlagan, dastlab institutning markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida kichik ilmiy xodimi, keyinchalik 2008 yilda u jarrohlik stomatologiyasi kafedrasi mudiri bo‘lib ishlagan.

2012 yildan 2014 yilgacha Buxoro davlat tibbiyot institutining stomatologiya fakulteti dekani bo‘ladi. 2015-2016 yilgacha u Toshkent davlat stomatologiya institutining Buxoro filialiga rahbarlik qilgan, filial viloyat tibbiyot institutiga qo‘shib yuborilgach, 2016 yildan yana institutning stomatologiya fakulteti dekaniga aylangan. U 2017 yil iyun oyidan hozirgacha Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Shuningdek, A. Inoyatov ko‘plab monografiyalar, o‘quv qo‘llanmalar, 120dan ortiq ilmiy maqolalar va 130dan ortiq nashrlarning muallifi. Tibbiyot fanlari doktori, professor.

U bu lavozimda avvalroq Toshkent davlat transport universitetining rektori lavozimiga o‘tkazilgan Odil Abdurahmonov o‘rnini egalladi.

Mavzuga oid