Jahon | 17:10 / 18.07.2020
4529
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilda tadbirkorlarning noroziliklari sababli restoranlar yopilmaydigan bo‘ldi

Isroilda koronavirus tarqalishi sababli restoranlarning yopilishi to‘g‘risidagi qaror oxirgi daqiqalarda bekor qilindi. 

Foto: Yonatan Sindel/Flash90

Bosh vazir Binyamin Netanyaxu koronavirus tarqalishi sababli ovqatlanish muassasalari yopilishi to‘g‘risidagi qarorni oxirgi daqiqalarda bekor qildi. Restoranlar egalari bu qarorni «noqonuniy» deb hisoblab, cheklovlarga bo‘ysunmasliklarini aytishganidan so‘ng qaror bekor qilindi, deb yozadi Times of Israel.

Payshanba kuni Isroilda rekord darajada koronavirusning yangi holatlari qayd etildi – qariyb 1800ta. Shu sababli Netanyaxu amaldorlar va ekspertlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilish natijalariga ko‘ra karantin cheklovlari tiklanishi e'lon qilindi. Xususan, barcha umumiy ovqatlanish muassasalari juma kunidan yopilishi aytildi.

Qayd etilishicha, bu qarorga Isroil restoranlar assotsiatsiyasi qarshi chiqqan.

«Biz kuchga kirishidan bir necha soat oldin e'lon qilingan qaror bilan biznesimizni to‘xtatmaymiz», — deb bayonot bergan assotsiatsiya.

Tel-Aviv, Quddus va boshqa shaharlardagi restoranlar egalari ham faoliyatini to‘xtatmasligini ma'lum qilgan. Qarorga qarshi chiqqanlar hukumat «yarim tunda» qaror qabul qilmasligini, muassasalar ishchilari esa «qo‘g‘irchoq emas»ligini ta'kidlagan.

 Natijada restoranlarga kelgusi haftaning seshanbasigacha ishini davom ettirishga ruxsat berilgan. 

O‘z navbatida, qarorning bekor qilingani restoranlarini yopgan tadbirkorlarning noroziliklariga sabab bo‘ldi. Ular muassasalarini yopish uchun xodimlarga javob berib yuborgani va zaxiradagi mahsulotlardan voz kechishganini aytishdi.

«Restoranlar ishlashi haqida xodimlarimiz pul to‘lanmaydigan ta'tilga chiqarilganidan bir soat o‘tib ma'lum qilindi», — deb yozgan Ramla shahridagi restoranlardan birining egasi Twitter sahifasida.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid