O‘zbekiston | 02:43 / 18.07.2020
33771
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etilgani aytildi

Sirdaryoda rasman ilk marta koronavirusdan o‘lim holati qayd etildi. Vafot etgan bemor haqida ma'lumotlar mavjud emas.

Guliston tumani hokimining birinchi o‘rinbosari B.Botirov ishtirokidagi 17 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Sirdaryo viloyatida koronavirusdan o‘lim holati qayd etilgani e'lon qilindi. Bu Sirdaryo viloyatida rasman koronavirus sabab qayd etilgan ilk o‘lim holati hisoblanadi.

«Shu kunga qadar Gulistonda 219ta xonadon hamda ularning 903 nafar oila a'zolari uy sharoitida 14 kunlik karantinga olingan. Bugungi kun holatiga qadar fuqarolar koronavirus infeksiyasiga polimer zanjir reaksiyasi (PZR) usulida tekshirish uchun burun-xalqumidan surtmalar olinib, viloyat OITSga qarshi kurashish markazi va viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi virusologiya laboratoriyalarida 1 626 marotaba test tahlillari o‘tkazildi.

Shundan 7 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlarning bir nafarida o‘lim holati yuz berdi», degan Guliston tuman hokimi o‘rinbosari B.Botirov.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 16 iyul kuni Guliston shahrida yashovchi 67 yoshli A.A (erkak) o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqida ma'lumot bergandi. Biroq bu o‘lim holati Toshkent shahridagi Ibn Sino nomli 1-sonli shahar klinik shifoxonasida qayd etilgan. Shu bois Guliston tuman hokimi o‘rinbosari aytgan holat aynan mana shu 16 iyuldagi o‘lim holatimi yoki boshqami aniq emas.

Keyinchalik 67 yoshli A.A. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sirdaryo musiqali drama teatri aktyori Adham Abdullayev ekani ma'lum bo‘ldi. Agar B.Botirov aytgan o‘lim holati 16 iyuldagi holat bo‘lmasa, Sirdaryo viloyatida rasman koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi, deyish mumkin. Shunday bo‘lsa, O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni rasman 80 nafarga yetgan bo‘ladi.

Mavzuga oid