O‘zbekiston | 16:19 / 23.07.2020
23928
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilar faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik belgilandi

Prezident “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 197-5-modda bilan to‘ldirildi.

Ushbu moddada ta'lim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik belgilab qo‘yildi.

Ta'lim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta'lim oluvchilar bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta'sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta'lim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha (1 mln 115 ming so‘mdan 1 mln 561 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa – yetti baravaridan o‘n baravarigacha (1 mln 561 ming so‘mdan 2 mln 230 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha (1 mln 561 ming so‘mdan 2 mln 230 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha (2 mln 230 ming so‘mdan 3 mln 345 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu huquqbuzarlik sodir etilganda ta'lim muassasasining pedagog xodimi ma'muriy bayonnoma tuzmasdan o‘z arizasida huquqbuzarning shaxsi, huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va uning mohiyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni hamda boshqa zarur bo‘lgan ma'lumotlarni ko‘rsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Mavzuga oid