Jamiyat | 08:54 / 28.07.2020
11157
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda ichki ishlar xodimlari katta bezorilikning oldini olishdi

Holat yuzasidan Xonobod shahar IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

2020 yilning 22 iyul kuni soat 17:00da Andijon viloyati Xonobod shahar Kampirrovot MFYda yashovchi 36 yoshli O.M. farzandi, voyaga yetmagan, 16 yoshli A.N. bilan bir nechta tengdoshlari urishmoqchi ekanligini eshitib qolib, farzandi A.N.ni Xonobod shahar Obi-hayot ko‘chasiga olib borgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, bu shaxs u yerda bo‘lgan voyaga yetmaganlar, 16 yoshli M.A., O.A., K.A., X.N., E.T. hamda E.P.ning yo‘lini to‘sib, ulardan qay biri farzandi A.N. bilan birga-bir urishmoqchi ekanligini so‘rab, dalaga olib o‘tib, M.A. va O.A. bilan o‘g‘lini birga-bir urishtirgan.

Janjal vaqtida M.A.ning tanishlari janjalga aralashganligi uchun O.M. farzandining tengdoshlari bo‘lgan M.A., O.A. va X.N.ni urib tan jarohati yetkazgan.

Shundan so‘ng, M.A. va O.A. ota-o‘g‘il bilan urushni davom ettirish maqsadida o‘zlarining 14 nafar tarafdorlarini chaqirishib, O.M. va uning farzandi A.N.ni urmoqchi bo‘lishib, Xonobod shahar Kampirrovot MFYda to‘planishgan vaqtida, bundan Xonobod shahar IIB xodimlari xabar topib, hodisa joyiga yetib borishgan hamda ushbu shaxslarga qonuniy chora ko‘rish maqsadida IIB binosiga olib kelishgan.

Mazkur holat yuzasidan Xonobod shahar IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, M.A. va O.A. hamda ularning 14 nafar tarafdorlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Mavzuga oid