O‘zbekiston | 14:26 / 29.07.2020
33088
3 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisiga «UzAuto Motors» monopoliyasiga oid deputatlik so‘rovi yuborildi

Oliy Majlis deputatlari Rasul Kusherbayev, Doniyor G‘aniyev, Nodir Jumayev tomonidan «Parlament nazorati» shaklida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Najmiddin Sharipovga tegishli deputatlik so‘rovini yuborgan. Ushbu so‘rov orqali deputatlar O‘zbekiston avtosanoati sohasidagi monopoliya masalalariga e'tibor qaratgan.

Foto: UzAuto Motors

Rasul Kusherbayevning ma'lum qilishicha, avtomobil ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi «UZAUTO MOTORS» AJning joriy yil mart oyida bir qator yengil avtomobillar narxini oshirishi saylovchilar va jamoatchilik vakillari tomonidan keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

«Mamlakatimizda raqobat muhitini yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish investitsiyaviy muhitni yaxshilashning muhim talabi ekanligini inobatga olib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi bir guruh deputatlar tomonidan mazkur soha o‘rganilib, takliflar ishlab chiqilmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zLiDeP fraksiyasi a'zolari hisoblangan deputatlar R.Kusherbayev, D.G‘aniyev, N.Jumayev tomonidan «Parlament nazorati» shaklida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Sh.Sharipovga tegishli deputatlik so‘rovi yuborildi», - deya xabar qoldirgan Kusherbayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ta'kidlanishicha, so‘rovda hukumat topshirig‘i doirasida «UZAUTOMOTORS» AJ tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shu jumladan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qo‘llanilishi asosliligi yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar va ko‘rilgan choralar haqida asoslantirilgan axborot berish hamda qo‘mitaning avtomobillar narxini aholining xarid qobiliyatiga moslashtirish yuzasidan nuqtai nazarini bayon etish talabi qo‘yilgan.

Shu yilning 11 mart kuni aynan «UZAUTOMOTORS» AJ parlament eshituvida jamiyatda e'tirozga sabab bo‘layotgan avtomobillarning narx va sifat masalalari bo‘yicha savollarga javob bergandi.

Iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumayev eshituvda yangragan javoblardan qoniqmaganini ta'kidlab, kompaniyani bozor iqtisodi qoidalariga bo‘ysunmaslikda ayblagan

Deputatlar Doniyor G‘aniyev, Nodir Jumayev va Rasul Kusherbayev kompaniya vakillari bilan munozaraga kirishib, uning faoliyatini keskin tanqid qilgandi.

Mavzuga oid