Belarusda «vagnerchilar» qo‘lga olingani xabar qilindi. Bu haqda nimalar ma'lum?
Minsk yaqinida Rossiyaning 32 fuqarosi qo‘lga olindi, Belarus respublika davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) rahbari ular Rossiyadagi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining yollanma askarlari ekani haqida ma'lum qildi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Moskvadan bu borada izoh kutmoqda, OAV esa bu holatni prezidentlik saylovlariga bog‘lamoqda.
29 iyul kuni kunduzi Belarus nashrlari, xususan, rasmiy davlat agentligi bo‘lmish BeLTA Minsk tumani hududida xususiy harbiy kompaniya jangchilari bo‘lgan o‘ttizdan ortiq kishi qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Keyinroq nashr gap rossiyaliklarning «Vagner» XHK jangchilari haqida ketayotganini va ularning maqsadi saylovlar vaqtida vaziyatni beqarorlashtirish ekanini ma'lum qildi. Prezident Aleksandr Lukashenko esa buni «favqulodda hodisa» deb atadi va Xavfsizlik kengashini chaqirdi.
«Tunda Belarus huquq-tartibot organlari xodimlari Minsk yaqinida Vagner xususiy harbiy kompaniyasining 32 jangarisini qo‘lga olishdi. Bundan tashqari, mamlakat janubida yana bir kishi aniqlandi va qo‘lga olindi», deya yozadi BeLTA. Bu yangilik prezidentlik saylovlariga 10 kun qolganda paydo bo‘lmoqda.
Xabarda Tergov qo‘mitasi tomonidan tekshiruv o‘tkazilayotgani aytilgan. Qo‘lga olinganlar «Vagner» a'zolari ekani haqidagi ma'lumotga hozircha asos keltirilmadi. Agentlik qo‘lga olinganlar ro‘yxatini keltirgan, ularning barchasi Rossiya fuqarolari.
Kun oxirida prezident Lukashenko vaziyat bo‘yicha izoh berdi va kuchishlatar tizim vakillariga voqea yuzasidan tushuntirish olish uchun Rossiyadagi tegishli tuzilmalarga murojaat qilishni topshirig‘ini berdi. Bungacha Tergov qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Belarus xavfsizlik kengashi kotibiyati hamda Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) matbuot xizmati hodisa yuzasidan izoh bermagandi.
«Spirtli ichimliklar iste'mol qilishmagan, ko‘ngilochar maskanlarga borishmagan»
BeLTA agentligi talqiniga ko‘ra, maxsus xizmatlar mamlakatga «saylov kampaniyasi davrida vaziyatni beqarorlashtirish uchun 200dan ortiq jangari» kelgani haqida ma'lumot olishgan.
«Rossiyaliklar yuk bilan yurgan - ularning har birida uchtadan katta og‘ir chamadonlar bo‘lgan. Poytaxtga 24 iyuldan 25 iyulga o‘tar kechasi kelgan guruh Minskdagi mehmonxonaga joylashgan, ular avvaliga bir kunga joy olishgan, ammo 27 iyulgacha mehmonxonada qolishgan va shundan keyin Minsk rayonidagi sanatoriylardan biriga ko‘chib o‘tishgan», deyiladi yangiliklarda.
«Ular rossiyalik turistlarga xos bo‘lmagan xulq-atvor namoyish qilgan va militari uslubida kiyinib yurgan. Spirtli ichimliklar iste'mol qilmagan, ko‘ngilochar maskanlarga bormagan, omma oldiga behuda chiqishdan tiyilgan. Gumonlanuvchilar kichik guruhlarga bo‘linib hududni o‘rgangan va sanatoriy atrofini aylangan. Bugun tunda Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasining «A» guruhi va IIVning maxsus bo‘linmasi OMON guruhi hamkorligida 32 kishini qo‘lga oldi», deyiladi xabar matnida.
«Belarus 1» telekanalida mehmonxonada qo‘lga olish jarayoni tasvirlari namoyish etildi, kadrlarda rossiyaliklar pasporti, valuta va arab tilidagi varaqalarni ko‘rish mumkin.
Rossiyaning Minskdagi elchixonasi mamlakat fuqarolari qo‘lga olingani haqida rasman ogohlantirilgan. Belarus TIV Rossiya va Ukraina elchilarini ushbu masalada vazirlikka taklif qilgan.
«Qo‘lga olinganlardan so‘roq qilish natijasida ulardan 14 kishi Donbassda bo‘lgani aniqlandi. Shu tufayli Ukraina elchisi ham shu masalada taklif etildi», degan xavfsizlik kengashi davlat kotibi Andrey Ravkov.
Lukashenkoning reaksiyasi
Kun oxirida Lukashenko xavfsizlik kengashi a'zolari ishtirokida shoshilinch majlis chaqirdi. «Men rossiyaliklarning reaksiyasini kuzatdim. Ular o‘zlarini oqlashni boshlashdi va sal qolsa ularni biz o‘zimiz chaqirganimiz haqida aytishmoqchi. Bu tushunarli, o‘z nopok niyatlarini qandaydir qilib bo‘lmasin oqlash kerak. Shuning uchun, men bu vaziyatda barchadan ochiq va vijdonli bo‘lishni so‘rayman», deya yuzlandi u KGB raisi Valeriy Vakulchikka.
«Agar bular Rossiya fuqarolari bo‘lsa, demak, zudlik bilan Rossiya Federatsiyasining tegishli tuzilmalariga murojaat qilish kerak, ular nimalar bo‘layotganini izohlashsin», - deya qo‘shimcha qilgan Lukashenko.
Rossiyaliklarning qo‘lga olinishini u «favqulodda voqea» deb atagan.
«Taxminan soat 5:37da Minsk yaqinida Rossiya Federatsiyasining 32 fuqarosi qo‘lga olindi - ular harbiylashgan tashkilot bo‘lmish Vagner xususiy kompaniyasi a'zolaridir», dedi KGB raisi. Lukashenko aniqlik kiritish uchun «Bu chindan ham o‘sha Vagner kompaniyasimi?», deb so‘raganiga javoban Vakulchik tasdiq ishorasini qilgan.
Belarus davlat chegara qo‘mitasi chegaralar qo‘riqlanishini kuchaytirgan.
Lukashenko o‘z matbuot kotibi Natalya Eysmontdan Rossiyadagi nashrlarga va telegram-kanallarga murojaat qilishni va ular «Putin aytganidek, bo‘ron qo‘zg‘amasligi»ni ta'minlashni tayinlagan. «Agar aybdor bo‘lishsa, vaziyatdan munosib chiqib ketish kerak. Aybdor emaslarmi - yaxshi, biz o‘zimizga eng yaqin davlat bilan munosabatlarni yomonlashtirish niyatida emasmiz», degan u.
«Maydanga keltirishmoqda»
24 iyul kuni Aleksandr Lukashenko Marino Gorkadagi 5-maxsus brigada qismiga safari vaqtida hozirgi vaqtda urushlar ko‘chadagi namoyishlardan boshlanishi, unga xususiy harbiy kompaniyalar «jalb qilinishi» haqida gapirgan edi.
«Davlat kotibi (Andrey Ravkov, Belarus Xavfsizlik kengashining kotibi) to‘g‘ri aytdi, hozirgi vaqtda har qanday urushlar ko‘chalardagi namoyishlardan boshlanyapti, keyin «Maydan»ga aylanmoqda. «Maydan»ga agar o‘ziniki bo‘lmasa, chetdan keltirishmoqda.
Ular professional harbiylar, bosmachilar, xususiy harbiy kompaniyalarning a'zolari. Ulardan dunyo bo‘ylab, u yoki bu davlatlardagi fitnalarda ishtirok ettirib, pul ishlash maqsadida foydalanishadi», - degandi Lukashenko.
Rossiyaliklarning «Vagner» XHK jangchilari ko‘p yillardan buyon Yaqin Sharq va Afrikadagi davlatlarning ichki nizolarida ishtirok etib kelmoqda. Rossiyalik harbiylar Suriyada hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlaydi, Ukrainada ayirmachilarga ko‘mak ko‘rsatadi, shuningdek, Liviyada ham Xalifa Haftar tomonida urishadi. Ularni «Vagner» XHK yollaydi, bu tashkilot rahbariyatida asosan kuchishlatar tizimlarning sobiq vakillari faoliyat ko‘rsatadi.
Minskka harbiy texnikalar olib kirildi
Minsk atrofida, shuningdek poytaxt hududida harbiylarning faol harakatlari kuzatilgan. Minskka harbiy xizmatchilar kolonnasi va harbiy texnika kiritilgan.
NEXTA Live kanali xabar qilishicha, guvohlardan Minskka ulkan kolonnalar va harbiy mashinalar kirgani haqida o‘nlab xabarlar kelib tushgan.
Qayd etilishicha, mashinalar raqamlari Vitebsk oblastiniki bo‘lib, bu hududda harbiy-desant brigadasi joylashtirilgan. Ular Belarus poytaxtidagi Mayakovskiy ko‘chasida joylashgan 5448-harbiy qismga yo‘l olgani aytilgan.
Shuningdek, M1 trassasida harbiylar palatkalar tiklagani aytilgan.
Jurnalistlar hozirda mamlakatning butun hududi bo‘ylab ichki qo‘shinlar, desantchilar va chegarachilar harakatga tushgani haqida yozishgan.
«Minskdagi suvga o‘lik kalamush tashlash»
Tatyana Melnichuk, BBC’ning Minskdagi muxbiri
Mamlakatdagi kuchishlatar tuzilmalar avval ham Lukashenkoning ogohlantirishi ortidan uning raqiblariga qarshi harakatlarni amalga oshirishgandi. Masalan, Lukashanko saylovoldi piketi vaqtida bir yosh militsionerni xafa qilishgani haqida gapirganidan bir necha kun o‘tib Sergey Tixanovskiy va uning safdoshlari Grodnodagi saylovoldi chiqishda yuz bergan voqea sababli «jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzuvchi harakatlar» tayyorlaganlik va tashkil etganlik aybi bilan hibsga olindi.
2017 yil martida «Ijtimoiy tekinxo‘rlikning oldini olish haqida»gi qonunga (tekinxo‘rlarni aniqlash va jazolash ko‘zda tutilgan qonun) qarshi namoyishlar avj olganida, Belarus prezidenti Bobruysk va Osipovichi yaqinidagi mashg‘ulot lagerlari haqida gapirdi - bir necha soat o‘tib aksari faoliyati to‘xtagan tashkilotlardan bo‘lgan muxolifat faollarini hibsga olish boshlandi.
«Oq legion ishi» ham shunday yuzaga kelgandi - ommaviy tartibsizliklar tayyorlash va noqonuniy qurolli guruhlarda aloqadorlikda ayblanib 30dan ortiq kishi qo‘lga olingan: tarixchilar, dizaynerlar, harbiy xizmatchilar, tadbirkorlar, Chexiyada ro‘yxatdan o‘tgan «Yosh front» tashkiloti faollari va qachondir yoshlar tashkiloti bo‘lgan «Oq legion»ning endilikda ulg‘aygan faollari.
Rasmiy versiyaga ko‘ra, bu ish Germaniyada yashaydigan qandaydir A. Belarus elchixonasiga qo‘ng‘iroq qilib, tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida aytganidan boshlangan. Fuqaro A.ni hech kim ko‘rmagan, garchi bir necha davlatlardagi jurnalistlar uni izlab topishga urinishgandi. Shuningdek, o‘sha kunlarda KGB va televideniye tomonidan aytilgan xabarlardagi Ukraina bilan chegarani buzib o‘tgan qurolli jangarilar mingan avtomobil izlari ham topilmadi. Ukraina tomoni o‘shanda bunday bo‘lishi mumkin emasligi, ukrainalik chegarachilar bunday avtomashinani qayd etishmaganini bildirgandi.
Undan avvalroq, 2006 yilgi saylovlar arafasida, KGB kalamush murdalari bilan Minskdagi suvlarni zaharlamoqchi bo‘lganini aytgan shaxsni namoyish etgandi (ekranda uning yuzi xiralashtirilib, ovozi o‘zgartirib ko‘rsatilgandi).
2010 yilda esa, saylov kuni o‘tkazilgan miting kuch bilan tarqatilgan, rasmiy matbuot esa Hukumat uyi maydonida yotgan boltalar va muzo‘yar boltalar tasvirlarini namoyish etgandi.
Belarusdagi saylovlar
9 avgust kuni mamlakatda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Ko‘p yillardan buyon ilk marta saylovoldi kampaniyasi ko‘plab belaruslarda qiziqish uyg‘otgan.
Bu lavozimga davogarlardan biri bo‘lgan bankir, OAV va ekspertlar tomonidan Lukashankoning asosiy raqibi sifatida qaralgan Viktor Babariko iyun oyida iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, hibsga olingandi. U rahbarlik qilgan «Belgazprombank» aksiyalarining 99 foizi Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi qoshida ochilgan «Gazprombank»ga tegishli hisoblanadi. Belarus davlat nazorati rahbari Ivan Tertelning ta'kidlashicha, bunday noqonuniy harakatlar ortida «Gazprom» qo‘g‘irchoqlari yoki ehtimol undan ham yuqoriroqda o‘tirgan rahbarlar turibdi. «Biz bularni taniymiz, katta xo‘jayinlar esa «Gazprom»da, balki undan ham yuqoriroqda bo‘lishi mumkin», - degandi u.
Shu kunlarda Lukashenko uning uchun saylovlardan ko‘ra mamlakatni saqlab qolish muhimroqligini aytgandi.
«Meni hammasidan ham ko‘proq tashvishlantiradigan masala - har qanday holatda ham mamlakatimizda vaziyatni beqarorlashtirishga yo‘l qo‘ymaslik. Bu siz va bizning birinchi galdagi vazifamizdir. Prezident saylovi masalasi - ikkinchi darajali masala. Eng birinchi, eng muhim masala - mamlakatni saqlab qolishdir», degandi Lukashenko Ichki ishlar vazirligi ichki qo‘shinlari qismiga tashrifi vaqtida. O‘sha uchrashuvda u koronavirusga chalingani va kasallikni «oyoqda yurib» o‘tkazgani haqida gapirgandi.
Lukashenkoga harbiy qismga tashrifi davomida ko‘cha namoyishlari vodomyotlar orqali qanday tarqatilishi ko‘rsatib berilgandi. «Yigitlar o‘z uyida ekanini tushunishlari va hech kimga tepkilashga yo‘l qo‘ymasliklari kerak», degandi belaruslar prezidenti.
Belarus MSK prezidentlikka 5 nafar nomzodni ro‘yxatga olgan, shu jumladan mamlakatni 25 yildan buyon boshqarib kelayotgan Lukashenkoni ham. Prezidentlikka nomzodlar qatorida Svetlana Tixanovskaya va uning safdoshlari - Babariko shtabidan bo‘lgan Mariya Kolesnikova va ro‘yxatdan o‘tkazilmagan Valeriy Tsepkaloning rafiqasi Veronika Tsepkalo ham bor - ular kuchlarni birlashtirishgan. Tsepkaloning o‘zi o‘tgan haftada mamlakatni tark etib, Moskvaga jo‘nabketgandi. Uning aytishicha, IIV va KGBdagi do‘stlari uni hisobga olishlari mumkinligi haqida ogohlantirishgan.
«Saylovlardan keyin mamlakatga qaytmoqchiman. Bu natijalarga bog‘liq, agar Belarusda voqealar qizib ketsa, 9 avgustdan oldin ham qaytishim mumkin», - degandi Tsepkalo tut.by uchun intervyusida.
Moskvaning reaksiyasi
Kreml hozircha bu yangilikka munosabat bildirmadi, Davlat dumasida esa ularga ayblov qo‘yilishiga shubha bilan qarashmoqda.
«Men bu xabarlarga ishonmagan bo‘lardim. Ishonchim 99 foizga komilki, bu haqiqat emas», - degan Davlat dumasining xalqaro masalalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Leonid Kalashnikov.
«Men ishonamanki, bu haqiqat emas», degan Davlat dumasining mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Yuriy Shvitkin.
«Za pravdu» («Haqiqat uchun») partiyasi yetakchisi, yozuvchi Zaxar Prilepin qo‘lga olinganlar orasida DXRdagi batalonining sobiq jangarilari ham borligini aytdi. «U yerdagilarning ikki yoki uchtasi mening batalonimda bo‘lishgan. XHKlarda o‘nlab emas, yuzlab yollanma jangchilar ishlashadi va harbiy ziddiyatlarda ishtirok etishadi», — degan Prilepin Ura.ru nashriga.
U bu jangarilar Minskka mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun kelgani haqidagi talqinga shubha bilan qaragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular Belarusdan dunyoning boshqa nuqtasiga yo‘l olmoqchi bo‘lishgan.
«Aynan qayerga uchmoqchi bo‘lishgan, bilmayman... Ammo yakuniy nuqta - Belarus emas. Menga ma'lum bo‘lishicha, ular ertaga o‘z manzillariga jo‘nab ketishi kerak bo‘lgan», - degan Prilepin «Interfaks» nashriga.
Harbiy korrespondent Semyon Pegov muallifligidagi WarGonzo telegram-kanalidagi ma'lumotga ko‘ra ham, HXK jangchilari Belarusdan Afrikaga jo‘nab ketishda dastlabki punkt sifatida foydalanmoqchi bo‘lishgan va go‘yoki Belarus hukumati va maxsus xizmatlar bundan xabardor bo‘lishgan.
«Otkrytyye media»ning yozishicha, Minskda qo‘lga olinganlarning bir qismi Astraxan oblastidan bo‘lib, ularning nomi Ukrainadagi «Mirotvorets» (Ukraina milliy xavfsizligi, tinchlik, insoniyat xavfsizligi va xalqaro huquq-tartibotga qarshi jinoyatlar belgilarini tadqiq qilish markazi) saytida ham e'lon qilingan.
Mavzuga oid
14:30 / 05.11.2024
Lukashenko: RF Belarus orqali Polsha, Litva, Latviya va Ukrainaga hujum qilmoqchi emas
13:10 / 24.10.2024
Lukashenko Mariya Kolesnikovani afv etish haqida o‘ylab ko‘rishga tayyor
19:19 / 23.10.2024
Belarusda prezidentlik saylovi sanasi belgilandi
20:39 / 08.10.2024