Jahon | 21:37 / 30.07.2020
3091
3 daqiqa o‘qiladi

Moskva koronavirus sababli 500 milliard rubl yo‘qotadi – Sobyanin

Koronavirus pandemiyasi Rossiya poytaxti Moskva iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi. Moskva meri Sergey Sobyaninning ta'kidlashicha, yil oxirigacha shahar iqtisodiyotining koronavirusdan yo‘qotishlari 500 mlrd rublga yaqinni tashkil qiladi. 

“Shubhasiz, shahar budjetiga jiddiy zarar yetkazildi. Biz yil oxirigacha yo‘qotishlar 500 mlrd rublga yaqinni tashkil qilishini ko‘rmoqdamiz. Bundan tashqari, biz biznesni, fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga va butun sog‘liqni saqlash tizimining koronavirusga qarshi kurashga o‘tishi bilan bog‘liq masalalarga 250 mlrd rubl sarflashga majbur bo‘lmoqdamiz”, deb ma'lum qilgan Sobyanin “Rossiya 24” telekanali efirida.  

Uning ta'kidlashicha, mablag‘larning bir qismi yangi klinikalar ochilishiga, shifoxonalarning koronavirusga chalinganlarni davolash uchun ixtisoslashtirilishiga, dori-darmon xarid qilishga, shifokor va hamshiralarga maosh to‘lashga sarflangan.

Shu bilan birga, Sobyaninning aytishicha, ko‘rilgan choralar o‘z samarasini bergan: Moskvada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqaror, virus tarqalishining cho‘qqisidan o‘tilgan. Uning ta'kidlashicha, shaharda koronavirusga kunlik chalinish holatlari soni 650-700 ta atrofida bo‘ladi. “Biz nol darajaga ketishimizga umid qilish dargumon”, deb aytgan Sobyanin. 

Uning ma'lum qilishicha, hozirda Moskvada koronavirusga chalinganlarni qabul qilish uchun 6,5 mingta o‘rin tayyor turibdi. Vaholanki, may oyida shaharda virus tarqalishi avji pallada bo‘lganda o‘rinlar soni  23 mingtaga yaqin bo‘lgan. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiya poytaxtida so‘nggi sutkada 678 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan, pandemiya boshidan beri koronavirus yuqtirganlar soni umumiy hisobda 240,6 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Bu Rossiyaning boshqa istalgan hududidagi ko‘rsatkichlardan yuqoriroqdir.

Rossiya bo‘yicha esa koronavirusga chalinganlar soni 834 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda, ulardan 13,8 ming kishi vafot etgan.  

Avvalroq Sobyanin koronavirusga qarshi vaksinaning ro‘yxatdan o‘tkazilishi yaqin haftalarda yuz berishi, shundan keyin moskvaliklarni ommaviy ravishda bepul emlash boshlanishini ma'lum qilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid