O‘zbekiston | 20:38 / 30.07.2020
9924
3 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar parlamentining birinchi majlisida rais va uning o‘rinbosari saylandi

30 iyul kuni Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining videokonferensaloqa tarzida birinchi majlisi bo‘lib o‘tgan. Yuqori palataning axborot xizmatining xabar berishicha, majlisda parlament raisi va uning o‘rinbosari saylangan.

Majlisda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, parlament raisi lavozimiga Muhammadyunusova Mohistara Muhammadilxom qizi nomzodi ko‘rib chiqildi.

Senat axborot xizmati bergan ma'lumotga ko‘ra, Mohistara Muhammadyunusova 1995 yil Andijon viloyati Marhamat tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent shahridagi Vebster (Webster) universitetida tahsil olgan.

Muhammadyunusova Mohistara Muhammadilxom

U O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi ingliz tili bo‘yicha trener koordinatori, shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti metodik ta'minot bo‘limi bosh mutaxassisi, ushbu institutning ilmiy bo‘limi bosh ilmiy xodimi, Respublika “Qizlar ovozi” klubi bosh koordinatori bo‘lib faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, u Stenford universitetida tashkil etilgan «Xalqaro ayollar salomatligi va inson huquqlari» kursi tinglovchisi hamdir.

Majlisda Yoshlar parlamenti raisligiga nomzod bir ovozdan ma'qullangan. Qayd etilishicha, tadbirda, shuningdek, rais o‘rinbosari – komissiya raislarini va Yoshlar parlamenti kotibi saylangan, Yoshlar parlamenti reglamenti hamda ish rejasi loyihalarini ishlab chiqish va boshqa tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, Yoshlar parlamenti g‘oyasi 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi e'lon qilingan edi. Bundan yoshlarning qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtirokini yanada kengaytirish rejalashtirilgan.

11 may kuni parlament quyi palatasida o‘tkazilgan ishchi guruh yig‘ilishida Yoshlar parlamenti a'zolari ikki yil muddatga saylanishi, har bir shahar va tumandan bir nafardan vakil parlament a'zosi bo‘lishi kutilayotgani aytilgandi.

Yoshlar parlamenti Senat huzurida tashkil etiladigan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan jamoatchilik asosida tuziladigan maslahat organi hisoblanadi

Mavzuga oid