Oliy Majlis Senati huzurida Yoshlar parlamentini tashkil etish bo‘yicha Senat Kengashi qarori, Yoshlar parlamenti Nizomi va Yoshlar parlamentini tashkil etish hamda faoliyati samaradorligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi loyihalari ishlab chiqildi.
Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, ayni paytda ular mahalliy Kengashlarda muhokama etilmoqda.
Ushbu loyihaga ko‘ra, Yoshlar parlamenti a'zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi turli yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan tashabbuskor, yuksak ma'naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat'iy hayotiy nuqtai nazarga, keng dunyoqarash va chuqur bilim hamda liderlik salohiyatiga ega 18 – 30 yosh bo‘lgan fuqarolar orasidan gender tenglik ta'minlangan va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni ham jalb qilgan holda jami 100 nafar etib shakllantiriladi.
Bunda xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga saylangan yoshlar vakillaridan har bir hududdan teng miqdorda 6 nafardan jami 84 nafar va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tavsiyasiga ko‘ra 10 nafar hamda Senatning Yoshlar madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tavsiyasiga binoan 6 nafar yoshlar Senat Kengashi qarori bilan Yoshlar parlamenti a'zoligiga tasdiqlanadi.
Yoshlar parlamentining raisi Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tavsiyasiga ko‘ra Yoshlar parlamentining yalpi majlisida a'zolar tomonidan saylanadi.
Yoshlar parlamenti faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirib borishga Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi mas'ul hisoblanadi.
Yoshlar parlamenti tomonidan qabul qilingan hujjatlar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi va hujjatlarni tayyorlash hamda rasmiylashtirish bilan Yoshlar parlamenti kotibi shug‘ullanadi. Yoshlar parlamenti kotibi Yoshlar parlamenti raisi tavsiyasiga ko‘ra Yoshlar parlamenti a'zolari tomonidan saylanadi.
Yoshlar parlamentida quyidagi komissiyalar faoliyat olib boradi:
Ilm-fan, madaniyat va turizm masalalari komissiyasi;
Sport, sog‘lom turmush, ijtimoiy masalalar va ekologiya komissiyasi;
Kompyuter texnologiyalari, innovatsion g‘oyalar, startaplar va agroklaster masalalari komissiyasi;
Kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va qonunchilik masalalari komissiyasi;
Bandlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari komissiyasi;














