Iqtisodiyot | 13:19 / 03.08.2020
37713
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Islom moliyasi sohasida MDH yetakchisiga aylanishi mumkin

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda joylashgan va aholi soni bo‘yicha mintaqadagi eng katta davlat bo‘lib, 90 foizdan ortig‘i musulmon bo‘lgan va savodxonligi 99,99 foizni tashkil qiluvchi 34 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi.

Islom diniga e'tiqod qiluvchilar ko‘pchilikni tashkil qilishiga qaramay, O‘zbekistonda shu vaqtgacha Islomiy moliya sohasi Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlarga qaraganda deyarli rivojlanmagan, vaholanki ushbu sohaning rivojlanishida mamlakat juda katta salohiyatga ega. Buni yirik xalqaro moliyaviy tashkilotlar (Islom Taraqqiyot Banki Guruhi, Xalqaro Moliya Korporatsiyasi, Osiyo Taraqqiyot Banki va b.) ekspertlari tomonidan e'tirof etgan. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishda ba'zi bir ishlar amalga oshirildi.

Jumladan: Islom Taraqqiyot Banki (IsDB) va uning guruhi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar, xususan Xususiy Tarmoqni Rivojlantirish Islom Korporatsiyasi (ICD), Xalqaro islom savdo moliya korporatsiyasi (ITFC) va Islom tadqiqotlar va treninglar instituti (IRTI) mamlakatda islom moliyasi rivojlanishida o‘z hissalarini qo‘shgan holda, hozirgi kunga qadar 2 milliard AQSh dollaridan ziyod mablag‘ni Islomiy moliya tamoyillari asosida moliyalashtirish maqsadlariga yo‘naltirgan.

Kichik va o‘rta biznes O‘zbekistonda 81 foiz bandlikni ta'minlash barobarida, so‘nggi 10 yil ichida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) yillik o‘rtacha 5 foizdan yuqori darajada o‘sishiga va Markaziy Osiyodagi iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan mamlakatga aylanishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Kichik va o‘rta biznes vakillari tomonidan Islom moliyasiga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olib, O‘zbekiston 2003 yilda IsDBga va 2004 yilda esa ICDga a'zo davlat sifatida qabul qilindi. Ushbu tashkilotlar va hukumat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlar Islom moliyasining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishiga zamin yaratdi va ushbu sohaga birinchi qadamni qo‘yib berdi.

Bundan tashkari, O‘zbekistondagi bir nechta oliy o‘quv yurtlari o‘z ta'lim dasturlarini Islom moliyasiga doir fanlarni hisobga olgan holda tayyorlay boshladi. Shuningdek, joriy qonunchilikdan kelib chiqqan holda biznes vakillari ham islom moliya xizmatlarini taklif kilishni boshlab yubordi.

O‘zbekistonda qator islomiy lizing kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda

Jumladan, 2019 yilda mamlakatda birinchi «O‘zaro» islomiy sug‘urta kompaniyasi o‘z faoliyatini boshladi. O‘zbekistondagina emas, balki MDH davlatlari ichida birinchilardan bo‘lgan elektron-Murabaxa (Murabaxa savdo bitimi asosidagi moliyaviy mahsulot) platformasi ishlab chiqildi. IsBF (Islamic Business and Finance) nomli birinchi Islom moliya masalalari bilan shug‘ullanuvchi kompaniya (asosiy faoliyati ushbu sohada konsalting xizmatlari ko‘rsatish) tashkil etildi, islom moliyasi sohasida aholi  savodxonligini oshirish maqsadida “Islom moliyasi” Telegram sahifasi va veb sayti ishga tushirildi. Taiba Lizing va Al-Mulk Kapital kabi lizing kompaniyalari esa kichik va o‘rta biznes vakillariga Islom tamoyillari asosidagi ijara mahsulotlari taqdim qilishni davom ettirmokda.

Shuningdek, ta'lim sohasida ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. O‘zbekistonda Islom moliyasi bo‘yicha bir qancha treninglar o‘tkazildi, o‘zbek tilida Islom moliyasiga oid kitoblar nashr etildi. Malayziyalik professor Sudin Horunning «Islomiy moliyalar va bank tizimi: Falsafasi, tamoyillari va amaliyoti», qozog‘istonlik iqtisodchi Yerlan Baydauletning «Islomiy moliya asoslari» va rossiyalik Rinat Bekkinning «Islom iqtisodiy modeli va zamon» kitoblari shular jumlasidandir.

BMT tadqiqoti O‘zbekistonda bank kreditlaridan foydalanish darajasi pastligini ko‘rsatdi

2020 yil boshida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi doirasida «O‘zbekistonda islomiy moliya mahsulotlari tahlili» bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqot va uning doirasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, bank kreditlaridan foydalanmaslikning asosiy sabablari sifatida avvalambor, diniy qarashlar, kreditlar bo‘yicha yuqori foiz darajasi va kreditlashtirishning murakkabligi ko‘rsatilgan bo‘lib, agar mamlakatda islom moliya muassasalari tashkil etilsa, yuqoridagi so‘rovnomada ishtirok etgan qatnashuvchilarning aksariyati ushbu muassasa xizmatlaridan foydalanishlari mumkinligini ta'kidlaganlar. Hatto, an'anaviy banklar ham O‘zbekistonda islom moliya muassasalari tashkil qilish, moliya tarmog‘ida halol va shaffof raqobat yuzaga kelishi, natijada mamlakatga sarmoyalar oqimi o‘sishi va diversifikatsiyasiga olib kelishi haqida o‘z fikrlarini bildirganlar.

Islom korporatsiyasi Islom moliyasi rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda

Xususiy tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha Islom Korporatsiyasi (ICD) mamlakatda islom moliyasining rivojlanishida alohida o‘rin egallagan. Shu kunga qadar ushbu tashkilot tomonidan umumiy miqdori 400 million AQSh dollariga teng mablag‘ mamlakatdagi 18ta tijorat banklari, 2ta lizing kompaniyasi orqali 260dan ortiq kichik va o‘rta biznes vakillarini to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirish uchun yo‘naltirildi va shu orqali 5,000dan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etilishiga erishildi.

Islomiy moliyaviy xizmatlar industriyasi

O‘zbekiston tijorat banklarida Islom moliya darchalari ochiladi

Mamlakatda islom moliya xizmatlariga bo‘lgan talabning yuqoriligini inobatga olgan holda ICDning Maslahat guruhi hozirgi kunda O‘zbekistonning 6ta tijorat banki, jumladan Kapitalbank, Trastbank, Aziya Alyans bank, Agrobank, Qishloq Qurilish bank va Ipak Yo‘li banklarida Islom darchalari (Islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatuvchi shoxobcha) ochish bo‘yicha ish olib bormoqda. Ushbu darchalar 2021 yilning boshida ishga tushishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Aloqabank, Xalq banki, Universal bank va Davr banklarda ham islom darchalari ochilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Islom moliya xizmatlari O‘zbekistonga qanday naf keltiradi?

Yuqorida keltirilgan ma'lumotlarga asoslanib, O‘zbekistonda islom moliya xizmatlari sanoatining keng qamrovli joriy etilishi mamlakat uchun quyidagi imkoniyatlarni ochishiga ishonamiz:

  • xorijdan kelayotgan investitsiyalar hajmini oshirish va diversifikatsiyalash;
  • bank tarmog‘ida halol va shaffof raqobat muhitini yaratish hamda bank tizimi aktivlarini diversifikatsiyalash imkoniyatini yaratish;
  • aholi va biznes vakillari ixtiyorida bo‘lgan bo‘sh pul mablag‘larining iqtisodiyot rivojlanishida maksimal ishtirokini ta'minlash;
  • mamlakatda kapital bozorini rivojlantirish va diversifikatsiyalash;
  • ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish;
  • aholining moliyaviy savodxonligini oshirish orqali, moliya bozoridagi faolligini ko‘tarish;
  • Islom moliya xizmatlari industriyasini rivojlantirish orqali mamlakatda infratuzilmani muvofiqlashtirish va yangilash;
  • yangi moliyaviy muassasalar tashkil qilish;
  • kambag‘allikka qarshi kurashish davlat dasturini amalga oshirishga hissa qo‘shish;
  • yangi yo‘nalishda kadrlar tayyorlash dasturini yaratish.

O‘zbekiston Islom moliyasi sohasida MDH yetakchisiga aylanishi mumkin

Ushbu ishlarning amalga oshirilishi natijasida O‘zbekiston islom moliyasi sohasida MDH davlatlari ichida yetakchi mamlakatga aylanishi shubhasiz. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, islomiy moliyaviy xizmatlar sohasi O‘zbekistonning porloq kelajagi uchun muhim omil, poydevor va rivojlanish istiqboli bo‘ladi, natijada o‘z madaniyatida Islomning chuqur ildizlarini aks ettirgan mamlakatga xorijiy investorlarning qiziqishi ortadi va hukumat ushbu imkoniyatdan xalq farovonligi hamda mamlakatning barqaror rivojlanishida to‘laqonli foydalanishga erishishi mumkin bo‘ladi.

Muzaffar Nizomiddinov
ICD katta xodimi,
MDH bo‘yicha loyiha menejyeri

Mavzuga oid