To‘yimli yillar: semizlik va poraxo‘rlik o‘rtasida bog‘liqlik topildi
U yoki bu amaldorning poraxo‘rligini ko‘z bilan aniqlash oson ish emas. Korrupsiya tabiatan maxfiy bajariladi. Biroq Fransiyaning Monpele universitetidan Pavlo Blavatskiy boshliq olimlar jamoasi o‘tkazgan yangi tadqiqot siyosatchilarning tana massasi indeksi va ularning korrupsiyaga moyilligi o‘rtasida qiziq bog‘liqlik borligini aniqlashdi.
Olimning o‘zi tushuntirishicha, uning jamoasi 15ta sobiq sovet respublikalaridagi (Armaniston, Belarus, Gurjiston, Latviya, Litva, Moldova, Ozarboyjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Estoniya, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston) 299 nafar amaldorga diqqatni jamlashgan — ularning ismlari oshkor etilmayapti. Blavatskiy bu siyosatchilarning tibbiy kartasini qo‘lga kirita olmagan, shu sababli u ularning fotosuratlarini (2017 yilgi) kompyuter nazari algoritmi yordamida tahlil qilib, ularning tana massasi indeksi (TMI)ni (Transparency International, World Bank, Index of Public Integrity va boshqalarning indekslari va ma'lumotlariga ko‘ra) umum qabul qilingan korrupsiyalashganlik mezonlari bilan solishtirgan.
Olimlarning aniqlashicha, «yuqori martabali mansabdorlarning fotosuratlariga qarab ham latent siyosiy korrupsiyalashganlikni aniqlasa bo‘lar ekan».
Umuman olganda, tadqiqotda «ishtirok etgan» barcha amaldorlarning TMIsi yuqori chiqdi, deb hikoya qiladi Blavatskiy. 299 kishidan 96 nafarida (32 foizida) TMI 35–40ga teng bo‘ldi (bu jiddiy, keskin semirganlikni bildiradi). Xususan, bu O‘zbekistondagi amaldorlarining 24 nafaridan 13 nafarida (54 foiz), Tojikiston amaldorlarining 18 nafaridan 8 nafarida (44 foiz), Ukraina amaldorlarining 24 nafaridan 10 nafarida (42 foiz) kuzatilgan. Yana 13 nafar amaldorda (4 foiz) TMI 40dan ham o‘tgan: fotosuratlarga ko‘ra, Qozog‘istonning 20 amaldoridan 3 nafari (15 foiz), Ukrainaning 24 amaldoridan 2 nafari (8 foiz) nihoyatda semirib ketgan bo‘lib chiqqan. Normal vazn (TMI 18,5dan 25gacha) Ozarboyjon, Estoniya, Gurjiston, Qozog‘iston, Latviya, Litva, Ukraina va O‘zbekistonda bir nafardan jami 10 nafar amaldorda (3 foiz) kuzatilgan. Blavatskiyning ma'lumotlariga ko‘ra, amaldorlarning birortasi me'yordan kam (TMI 18,5dan past) vaznga ega bo‘lmagan.
Eslatib o‘tamiz, TMIni inson salomatligining ideal indikatori deb atab bo‘lmaydi, indeks ko‘rsatkichlari talqinini faqat taxminiy baholashda ishlatish mumkin.
Transparency International, Jahon banki, Yevropaning korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat qurilishi markazi, Demokratiya va saylovlarga ko‘mak berish xalqaro instituti va Bazel instituti indekslariga ko‘ra, bu 15 mamlakat ichida korrupsiya darajasi pastlari Boltiqbo‘yi davlatlari (Estoniya, Latviya, Litva) hamda Gurjiston hisoblanadi. Blavatskiyning tadqiqoti esa bu davlatlardagi amaldorlarda TMI darajasi past ekanini ham ko‘rsatib turibdi. Lekin an'anaviy tarzda eng korrupsiyalashgan hisoblanib kelinadigan Markaziy Osiyo davlatlarida (TMIga ko‘ra) eng semiz amaldorlar borligi aniqlangan.
Ukraina negadir qoidadan tashqarida. U yerda vazirlar o‘rtacha olganda Tojikistondagiga ko‘ra semizroq. Olimlar korrupsiya indeksi tuzuvchilar Tojikistonga nisbatan adolatsizlik qilingan, Ukrainaga esa beixtiyor yon bosilgan degan taxminda. «Xorijiy ekspertlar korrupsiya darajasi nisbatan past bo‘lgan qo‘shnilar bilan o‘rab olingan Ukrainadagi siyosiy korrupsiya darajasiga yetarli tarzda baho bera olmagan bo‘lishi mumkin, yuqori darajada korrupsiyalashgan davlatlar bilan chegaradosh Tojikistonda esa aksincha», — deb hisoblaydi Blavatskiy.
Shunday qilib, olimlarning xulosasi quyidagicha: u yoki bu mamlakatda vazirlarning o‘rtacha TMIsi qanchalik yuqori bo‘lsa, korrupsiya darajasi ham shunchalik yuqori bo‘ladi.
«Siyosatchilarning jismoniy xarakteristikalari, misol uchun, ularning TMIsidan ularning korrupsiyalashganini bilvosita baholashda foydalanish mumkin bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Oliy hokimiyat esheloni vakillarining real xarajatlarini nazorat qilishning imkoni bo‘lmaganida, mana shu bilvosita ko‘rsatkichlarga murojaat qilish mumkin — biz bu ko‘rsatkichlarning korrupsiyaning umum qabul qilingan mezonlari bilan juda bog‘liqligini ko‘rdik», — deb yozadi olim.
Lekin bu Blavatskiy jamoasi tomonidan chiqarilgan yagona xulosa emas. Ular vazirlar TMIsi hamda mamlakatdagi umumiy TMI o‘rtasida garchi juda kichik bo‘lsa-da, teskari korrelyatsiya borligini ham aniqlashdi. Ya'ni, amaldorlar qanchalik semiz bo‘lsa, aholi shunchalik oriqroq, binobarin, korrelyatsiya mamlakatda qabul qilingan oziqlanish rejimi yoki butun millatning salomatlik darajasiga bog‘liq emas. Masalan, Boltiqbo‘yi davlatlarida amaldorlar asosiy aholiga nisbatan semiz emas.
«Qoida»dan og‘ishning boshqa ko‘rinishlari ham bor. Masalan, Armanistonda (2018 yilgi) «baxmal inqilob» tufayli hokimiyat tepasiga ancha xushbichim hukumat a'zolari keldi — bu mamlakatning korrupsiya indeksidagi holatini yaxshilashi kerakdek edi. Biroq, 2018 yilda Transparency International Armanistonni reytingda o‘z o‘rnida qoldirdi va mamlakat hozircha korrupsiyani yenga olgani yo‘q, deb hisobladi (biroq 2019 yilda mamlakat 105-o‘rindan 77-o‘ringa ko‘tarildi, bu mamlakat tarixidagi eng katta yuqorilash bo‘ldi). Bu ziddiyat va «kechikish»ni Blavatskiy ko‘rsatkichlarni dinamika orqali tushunish kerakligi bilan tushuntiradi.
Bu olimlarning korrupsiya va qandaydir obektiv belgilar o‘rtasida korrelyatsiya topishga bo‘lgan urinishlarining birinchisi ham, so‘nggisi ham emas. Masalan, 2018 yilda Xitoyga qimmatbaho Shveytsariya soatlarining importi va mahalliy siyosatchilarning korrupsiyalashgani o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlagan xitoylik olimlarning tadqiqoti e'lon qilingandi. Tadqiqotda korrelyatsiya shundoqqina ko‘zga tashlanib turardi — 1993 yildan 2013 yilgacha pora o‘rnida berilishi odat tusiga kirgan qimmatbaho soatlar importi hokimiyat qo‘ldan qo‘lga o‘tayotgan chog‘da keskin oshgan, bu esa yaqqol korrupsiyadan nishona edi. 2013 yildan ijtimoiy tarmoqlar rivojlana turib, ularda mamlakatning korrupsiyaga qarshi siyosati qat'iylashtirilishi talab qilina boshlagach soatlar ko‘zga tashlanmay qolgan. Hongkong, Singapur va AQShda esa bunday bog‘liqlik umuman ko‘zga tashlanmagan.
Avvalroq braziliyalik va yevropalik olimlar Braziliyada 1987 yildan 2014 yilgacha bo‘lgan siyosiy mojarolar tarixi tahlil qilingan edi. Boshqa narsalardan tashqari, olimlar korrupsionerlar kichik-kichik guruhlarga birlashishni istashlarini aniqlashgan. Xullas, masala o‘zining hozirgi kundagi ahamiyatini aslo yo‘qotgani yo‘q, hali bizni ko‘plab qiziqarli ilmiy ishlar kutib turgan bo‘lsa ajab emas.
Mavzuga oid
17:34 / 18.11.2024
Xitoy Oy tuprog‘idan yasalgan g‘ishtlar yordamida u yerda baza qurmoqchi
15:52 / 16.11.2024
Amerikalik olimlar bioorganizmlarning “uchinchi holati”ni aniqladi
15:12 / 16.11.2024
Uyqu to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi - tadqiqot
15:46 / 14.11.2024