Jahon | 11:11 / 11.08.2020
55808
2 daqiqa o‘qiladi

Tixanovskaya Belarusni tark etdi

Belarus prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskaya mamlakatni tark etdi.

Foto: Nataliya Fedosenko / TASS

Litva tashqi ishlar vaziri Linas Linkyavichyusning Tvitter sahifasida yozishicha, siyosatchi ta'qiblardan qochib, Litvada yashiringan. Hozir u xavfsiz joyda.

Avvalroq Tixanovskaya Markaziy saylov komissiyasi binosida 3 soat ushlab turilganidan keyin, orqa eshikdan chiqib ketgani haqida xabar berilgandi.

«Svetlana chiqdi va advokatiga bir qarorga kelganini aytib, xayrlashdi. Uni orqa eshikdan olib chiqib ketishdi. Qanday qarorga kelganiga aniqlik kiritmadi», - dedi yagona muxolifat shtabining a'zosi Anna Krasulina. 

Belarusda 9 avgustda o‘tkazilgan prezident saylovi natijalaridan norozi bo‘lgan odamlar va kuchishlatar idoralar xodimlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 2 kundan beri davom etmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, amaldagi davlat rahbari Aleksandr Lukashenko 80 foizdan ortiq, muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskaya esa 10 foizdan ortiq ovoz to‘plagan.

To‘qnashuvlar paytida maxsus texnika, suvpurkagichlar, nurshovqinli granatalar, rezina o‘qlar qo‘llanmoqda, militsiya va harbiylar namoyishchilarni tarqatishda ishtirok etmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, kecha tunda 39 nafar harbiy va 50 nafarga yaqin aholi jarohatlangan. O‘lganlar haqida norasmiy ma'lumotlar ham bor.

Mavzuga oid