O‘tgan hafta Qibray tumanida sayohat jomadonida joylangan erkak kishining murdasi topilgan edi. Bosh prokuratura mazkur jinoyat ishi yuzasidan ikki kishi qo‘lga olinganini xabar qildi.
«Tergov davomida 2 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 97, 169, 227 va 241-moddalari bilan ayb e'lon qilinib, ularga «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda», – deyiladi mahkama matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bergan axborotda.
Ma'lumot uchun, JKning 97-moddasi – qasddan odam o‘ldirish; 169-modda – o‘g‘rilik; 227-modda – hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish; 241-modda – jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirishni nazarda tutadi.
Avvalroq berilgan xabarga ko‘ra, Sh.A.ning jasadi 8 avgust kuni kechga yaqin Qibray tumanidagi GES hududidan, sayohat chemodaniga tiqib qo‘yilgan holda topilgan.
52 yoshda bo‘lgan erkak muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ta'minotchi vazifasida ishlagani haqida ma'lumotlar bor. Shuningdek, u Samarqand viloyatida tug‘ilgani, poytaxtning Yakkasaroy tumanida yashab kelgani ma'lum.
Murdani ko‘zdan kechirish davomida badanida tan jarohati va undan qolgan izlar aniqlanmagan, sud tibbiy ekspertiza bo‘linmasi u bo‘ynidan to‘mtoq jism bilan bo‘g‘ilishi oqibatida nafas yetishmasligidan vafot etgan, degan birlamchi xulosani bergan.
Shimining cho‘ntagidan jami 410 000 so‘m miqdorda naqd pul topilgan.
10 avgustda berilgan dastlabki axborotda, Sh.A. 7 avgust kuni ertalab uyidan «Gentra» avtomobilida Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy klinik (sobiq 6-sonli) shifoxonasiga chiqib ketgani, ushbu mashina qidirilayotgani aytilgan edi.