O‘zbekiston | 15:50 / 16.08.2020
32035
2 daqiqa o‘qiladi

To‘ra Bobolov koronavirusdan tuzalib, ishga qaytdi

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusdan tuzalib chiqdi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati hokim o‘z ish faoliyatini davom ettirishga kirishgani haqida xabar qildi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

«T.Bobolov Termiz xalqaro aeroportida viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari va boshqa mutasaddilar bilan muloqot o‘tkazib, vohada olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, koronavirus pandemiyasini jilovlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, pandemiya sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarning barqaror ishlashini ta'minlash hamda boshqa zarur masalalar xususida atroflicha fikr almashdi.

Viloyat hokimi yangi g‘oyalar bilan o‘z vazifasini bajarishga kirishdi», deyiladi hokimlik matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi 18 iyul kuni Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalingani, u Toshkent shahrida kasallikdan davolanayotgani, ahvoli barqaror ekani haqida xabar bergandi. Ijtimoiy tarmoqlarda Bobolov koronavirusdan vafot etgani haqida xabarlar tarqalgach, u videomurojaat orqali chiqish qilib, ahvoli yaxshilanayotganini ma'lum qilgandi.

Ayni vaqtda bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, Buxoro viloyati hokimi Karim Kamalov va Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov, shuningdek, davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov hozirda COVID-19 infeksiyasidan davolanmoqda.

Mavzuga oid