Jamiyat | 13:54 / 17.08.2020
3746
2 daqiqa o‘qiladi

«Qo‘lqoplarni kun davomida kiyib yurish tavsiya etilmaydi» – shtab a'zosi

Rezinali qo‘lqoplar koronavirusdan himoyalanish uchun kun davomida kiyib yurish tavsiya qilinmaydi. Koronavirusga qarshi shtab a'zosi Sevara Ubaydullayevaning ma'lum qilishicha, qo‘lqoplar sovun bilan yuvilganda yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berilganida to‘liq zararsizlanmaydi.

«Avtotransportdan foydalanishda qo‘lqop kiyish talab etiladi, sababi avtobus va metropolitenda sizdan oldin yoki yon atrofingizda kasallikni simptomlarsiz o‘tkazayotgan bemorlar bo‘lishi mumkin. Bunday bemorlar kasallik tarqatuvchilari hisoblanishadi. Lekin qo‘lqoplarni kun davomida taqib yurish tavsiya etilmaydi, chunki qo‘lqoplar sovun bilan yuvilganda yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berilganida to‘liq zararsizlanmaydi», dedi Sevara Ubaydullayeva AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda.

Bundan tashqari, COVID-19 infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik osoyishtalik toifasidagi davlatlardan qaytgan kishilarga beriladigan tavsiyalar haqida ham ma'lumot berildi.

Bu davlatlar karantin cheklovlarini bekor qilgan va koronavirus infeksiyasi davom etmayotgan mamlakatlar hisoblanadi. Bunday davlatlardan qaytgan shaxslar:

  • izolyatsiyada bo‘lishlari;
  • koronavirus infeksiyasiga test tekshiruvidan o‘tishlari yoki antitanachalarni aniqlash uchun IFA topshirishlari;
  • shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishlari, niqob taqishlari va ijtimoiy masofa saqlashlari kerak.

Tadbirda kasallikdan sog‘ayganidan so‘ng qayta test o‘tkazilishi haqidagi savolga ham javob berildi.

«Kasallikdan sog‘ayganidan so‘ng test topshirish shart emas. Virusga qarshi antitanachalarni immunoglobulin G va M larni tekshirish muhim bo‘lib, bu tahlil asosida inson organizmida kasallikka qarshi immunitet hosil bo‘lganlikni bilish mumkin», dedi shtab a'zosi.

Mavzuga oid